Shvetsiya bosh epidemiologi koronavirus tufayli mamlakatda karantin joriy etilmaganidan afsuslandi
Shvetsiyaning bosh epidemiologi Anders Tegnell “Sveriges Radio”ga bergan intervyusida mamlakatda COVID-19 infeksiyasi tufayli vafot etganlar soni judayam yuqori ekanligini ta’kidladi.
Uning fikriga ko‘ra, Shvetsiya joriy etilgan cheklovlarni kuchaytirishi lozim edi.
“Mamlakatda judayam ko‘p o‘lim holati qayd etildi va buning oldini olsa bo‘lar edi. Buning imkoni bor edi”, deya ta’kidladi Tegnell.
Shvetsiya koronavirus tufayli qat’iy karantin qoidalarini joriy etishdan bosh tortgan edi. Mamlakat bo‘ylab infeksiyaning tarqalishiga qaramasdan, maktab, bog‘cha, tashkilot va xizmat ko‘rsatish sohalari faoliyati davom ettirildi. Hukumat fuqarolarni faqatgina ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Ayni vaqtda mamlakatda 38 mingga yaqin koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati qayd etilgan. Ulardan 4 ming nafardan ortiq bemor vafot etgan. Shvetsiya, kasallanganlar soni bo‘yicha qo‘shnilari Daniya, Norvegiya va Finlyandiyadan bir necha barobar o‘zib ketdi.