Sirtqi ta’lim yo‘nalishida o‘qib, ishlayotgan talaba qanday imtiyozlarga ega?

- Oliygohning sirtqi bo‘limida o‘qiyman. Qonunchiligimizda talabalar ishlashlari uchun qanday shartlar belgilangan, ularga biror imtiyozlar beriladimi?

B.Qodirova.

- Ishlab chiqarishda kasbga doir ta’lim olayotgan, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda malakasini oshirayotgan yoki ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan xodimlarga ishni ta’lim bilan birga qo‘shib olib borishlari uchun ish beruvchi zarur sharoitlar yaratib berishi shart.

Ta’lim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimlar mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda belgilangan tartibda ish joyidan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’tilga chiqish, qisqartirilgan ish haftasi sharoitida ishlash va boshqa imtiyozlar olish huquqiga ega.

 Ta’lim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qiyotganlarga yillik ta’tillarni ish beruvchi ularning xohishiga ko‘ra imtihonlar va laboratoriya-imtihon sessiyalari vaqtiga to‘g‘rilab berishi shart.

Kirish imtihonlari topshirishga ruxsat etilgan xodimlarga oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun kamida o‘n besh kalendar kun, muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda ta’til beriladi. O‘quv yurtlari joylashgan yerga borish va qaytib kelish vaqti bu hisobga kirmaydi.

Savolga Payariq tuman adliya bo‘lim bosh maslahatchisi Orif Xolboyev javob berdi.