Sirtqi ta’limga hujjatlar 1 iyuldan qabul qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi PQ-4359-sonli Qarori bilan 2019-2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilishning parametrlari tasdiqlandi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra joriy yilda bakalavriatning sirtqi ta’lim shakliga 19 985 nafar abituriyent talabalikka qabul qilinadi.

2019-2020 o‘quv yilida 65 ta (2018 yilda 52 ta) OTMda sirtqi ta’lim shaklida kadrlar tayyorlanadi.

Cirtqi ta’limga hujjatlar 1 iyuldan 30 iyulgacha qabul qilinadi.

Kirish imtihonlari 16 avgustdan 25 avgustgacha kamida 3 ta fandan o‘tkaziladi.

Abituriyentlarga sirtqi ta’lim shakli doirasida ham uchtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etish imkoniyati beriladi.

Joriy yildan ilk marotaba harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomalariga ega bo‘lgan abituriyenlar sirtqi ta’lim shakliga alohida besh foizli kvota asosida qabul qilinadi. 2018-2019 o‘quv yili uchun - 908 ta. 

O‘qitishning sirtqi shakliga talabalikka qabul faqat to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.