Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati perinatal markazidagi vaziyat bilan bog‘liq holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yil 27 fevral soat 08:00 dan 2019 yil 1 mart kuni soat 08:00 ga qadar bo‘lgan vaqt mobaynida mazkur markazda jami 36 nafar ayollar tomonidan 37 nafar chaqaloq tug‘ilgan bo‘lib, 2019 yil 28 fevral kunidan 1 mart kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘tkazilgan intensiv va reanimatsion chora-tadbirlarga qaramay, og‘ir tug‘ruqlar asorati oqibatida turli patologik holatlar (onaning homiladorlik paytida onada uchraydigan kasalliklar) sababli 5 nafar chaqaloqlar o‘limi kuzatilgan.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, Perinatal tizim – homila va tug‘ruq bosqichlari yuqori darajadagi xatarda o‘tayotgan ayollar, og‘ir somatik patologiya, og‘irlashgan homila va tug‘ruqlar, shuningdek, homilaning 34 haftasidan boshlab muddatidan oldin tuqqan ayollar, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, jumladan, intensiv terapiya va ikkilamchi tibbiy yordam muassasalarida ko‘zda tutilmagan maxsus yordamga muhtoj bo‘lgan chaqaloqlarni tibbiy parvarish bilan ta’minlaydi. Xuddi shunday Samarqand viloyat perinatal markazi ham viloyat bo‘yicha, asosan, asoratli tug‘ruq jarayonlari kechadigan muassasa hisoblanadi. Bu yerda viloyatdagi umumiy tug‘ruqlarning qariyb 15 foizi qamrab olingan bo‘lib, keluvchilarning 84,7 foizi turli darajadagi asoratlar bilan murojaat qilishadi.

Bundan tashqari, viloyat perinatal markazi bazasida Samarqand davlat tibbiyot instituti akusherlik-ginekologiya va neonatologiya kafedrasi faoliyat olib bormoqda. Har bir og‘ir homilador, tug‘uvchi ayollar va og‘ir ahvolda tug‘ilgan chaqaloqlar holati yuzasidan kafedraning professor va ilmiy xodimlari ishtirokida konsiliumlar ham tashkil etiladi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlarning natijasi o‘laroq, markazda joriy yilning 5 oyi davomida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan chaqaloqlar o‘limi ko‘rsatkichi 30 foizdan ziyodga kamaygan.

Ayni paytda yuqoridagi materialda aks etgan G.K. farzandining o‘limi va chaqaloqning jinsi almashganligi holati yuzasidan prokuratura va ichki ishlar organlari tomonidan tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar olib borgan surishtiruv va dastlabki tergov harakatlarining natijasidan kelib chiqqan holda aybdor shaxslarning javobgarligi masalasi qonuniy jihatdan hal etiladi.