Soliq auditi qanday tartibda o‘tkaziladi?

Qonunchilikka ko‘ra, soliq organlari korxonamda soliq auditi o‘tkazish uchun meni bu haqda ogohlantirishi kerakmi yoki yo‘qmi? Ogohlantirishi kerak bo‘lsa, necha kun avval xabardor qilishi kerak?

T.Xursandov, tadbirkor.

Ushbu savolga Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi sho‘’ba boshlig‘i Bobirjon Hotamov javob berdi:

- Bugungi kunda amaliyotda 3 ta soliq tekshiruvi mavjud. Shulardan biri soliq auditi. Soliq organlari biror korxonada soliq auditi o‘tkazilishi boshlanishidan kamida o‘ttiz kalendar kun oldin soliq to‘lovchiga soliq auditi o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarnoma yuboradi. Basharti soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash belgilari mavjud bo‘lsa, soliq organi Davlat soliq qo‘mitasi bilan kelishgan holda soliq to‘lovchini oldindan xabardor etmasdan soliq auditini boshlashga haqli.

Ta’kidlash lozimki, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 7 yanvarda qabul qilingan “Soliq xavfini boshqarish, soliq xavfi mavjud soliq to‘lovchilarni (soliq agentlarini) aniqlash va soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori bilan “Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” tasdiqlandi.

Mazkur hujjatda soliq auditini o‘tkazish tartib-qoidasi belgilab berildi. Soliq auditi soliq to‘lovchining (soliq agentining) muayyan davrdagi moliya va soliq hisobotlarining soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga barcha jihatlardan muvofiqligi va haqqoniyligini, soliq solish maqsadlarida buxgalteriya hisobi va soliq solish maqsadlarida hisobga olishda soliq majburiyatlarining to‘g‘ri shakllantirilishi va aks ettirilishini soliq organi tomonidan o‘tkaziladigan o‘rganish orqali soliqlarni to‘g‘ri hisoblash va to‘lashning to‘g‘riligini tekshirishdir.

Soliq auditi tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilgan holda amalga oshiriladi. Davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarni tekshirish bundan mustasno. Soliq to‘lovchilarda o‘tkazilgan tekshiruv natijalari soliq organlari tomonidan tekshiruv tugatilganidan keyin uch kun ichida Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimiga kiritiladi.