Soliq to‘lovchilar uchun yana bir qulaylik. Endi my.soliq.uz sayti orqali mol-mulk va yer soliqlarini hisoblash mumkin
Prezidentimizning 2018 yil 26-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga byudjet mo‘ljallari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari turarjoy, kvartiralar (shaharlarda joylashgan, umumiy maydoni 200 kv.m dan oshiq bo‘lganlari bundan mustasno), dala hovli qurilmalari, boshqa imoratlar, xonalar va inshootlar uchun mulkning kadastr qiymatidan 0,2 foiz etib belgilandi. Shuningdek, shaharlarda joylashgan, umumiy maydoni 200 kvadrat metrdan 500 kvadrat metrgacha bo‘lgan turarjoylar va kvartiralar 0,25 foiz, 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lganda 0,35 foiz, boshqa aholi yashash punktlarida 0,25 foiz miqdorda to‘lov amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i kadastr qiymatidan kelib chiqib, 42000 ming so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanadi. Agar kadastr qiymati bo‘lmasa, soliq undirish uchun Toshkent va Nukus shaharlari, viloyat markazlarida 210 000 ming so‘m, boshqa shaharlar va qishloq joylarda 90 000 ming so‘m miqdorida mol-mulkning shartli qiymati qabul qilinadi. Mol-mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlarda belgilangan tartibda ro‘yxatga olinmagan yangi qurilgan turarjoylar bo‘yicha jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq mol-mulk shartli qiymatining ikki baravari miqdoridan kelib chiqib undiriladi. Ayrim toifadagi jismoniy shaxslar uchun mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash maqsadida soliq solinmaydigan maydon 60 kvadrat metri hajmida belgilandi. 2019 yilda mol-mulk solig‘iga hisoblangan soliq 2018 yil uchun hisoblangan soliq summasidan 1,3 barobardan ko‘proqqa oshmaydi.
Jismoniy shaxslarning yer solig‘i stavkalarini to‘lashda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi? Jumladan, fuqarolardan yakka tartibda uy-joy qurish uchun berilgan yerning 1 kvadrat metri uchun Samarqand shahrida 225 so‘m, Kattaqo‘rg‘on shahrida 133,6 so‘m miqdorida yer solig‘i olinadi. Boshqa kichik shaharlar uchun bu 133,6 so‘m, tuman markazlari hisoblangan qo‘rg‘on va qishloq aholi punktlari uchun 116 so‘m etib belgilandi.
Qishloq joylarda joylashgan yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun fuqarolardan undiriladigan yer solig‘i stavkalari Samarqand viloyatida dehqon xo‘jaligini yuritishga sug‘oriladigan zonadan berilgan 0,01 ga. yer maydoni uchun 7 911,6 so‘m (aholi punktlarida) va 3 956,5 so‘m (aholi punktlaridan tashqarida), lalmi yerlarning 0,01 ga. yer maydoni uchun esa 917 so‘m to‘lanadi. Shuningdek, jamoa bog‘dorchiligi va polizchiligini yuritishga berilgan 0,01 ga. yer maydoni uchun 3 578,2 so‘m miqdorida soliq stavkasi belgilandi.
Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini hisoblash borasida yurtdoshlarimiz uchun yaratilgan yana bir qulaylik xususida to‘xtalib o‘tish joiz. Jumladan, soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portali — my.soliq.uz saytidagi mol-mulk va yer soliqlari kalkulyatorlari orqali ushbu soliqlarni hisoblash imkoniyati mavjud.
Umid Alimov, Samarqand viloyat DSB Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basi davlat soliq inspektori.