Deputat so‘roviga Ozodbek Nazarbekov javob berdi

Bulung‘ur tumanidagi markaziy madaniyat uyi­ning 1936 yilda qurilgan binosi bugun foydalanishga yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Vazirlar Mahkamasining 2013 va 2016 yillardagi qarorlarida belgilangan dastur asosida tuman madaniyat uyi hamda 1500 o‘rinli amfiteatr qurilishi kerak edi. Ammo shu paytgacha qaror ijrosi ta’minlanmay kelmoqda.

Ushbu masalaga oydinlik kiritishini so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziriga deputat so‘rovi yuborgandik. Yaqinda Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari O.Nazarbekovdan quyidagi mazmunda javob xati olindi:

"O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 30 maydagi "Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorining 5-ilovasida 1-son madaniyat markazini mahalliy byudjet va homiylik mablag‘lari hisobidan 1 milliard 200 million so‘mga rekonstruksiya qilish va jihozlash belgilangan bo‘lib, mablag‘ moliyalashtirilmaganligi sababli qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmagan.

Bunday salbiy holatlar respublikamizning bosh­qa viloyatlarida ham mavjud bo‘lganligi bois O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 iyundagi 469-f-son farmoyishi qabul qilingan. Mazkur farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimizning barcha hududlarida joylashgan madaniyat markazlari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi.

Xatlov natijalari asosida 2018 yil 28 noyabrda Prezidentimizning "O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Qarorning 4-ilovasi bilan tasdiqlangan "2019-2022 yillarda yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, kapital ta’mirlanadigan va jihozlanadigan madaniyat markazlarining manzilli ro‘yxati"ga ko‘ra, Bulung‘ur tumani 1-son madaniyat markazini 2019 yilda 4 milliard 500 million so‘m mablag‘ hisobiga rekonstruksiya qilish va jihozlash belgilangan.

2019 yilning yanvar-fevral oylarida ushbu madaniyat markazining qurilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Deputat so‘rovingizda qayd etilgan 1500 o‘rinli amfiteatr binosining qurilishi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 25 iyundagi hamda 2016 yil 30 maydagi qarorlarida ko‘rsatilmagan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda "Bulun­g‘ur" madaniyat va istirohat bog‘i hududidan davlat va xususiy sheriklik asosida 1500 o‘rinli amfiteatr majmuasining qurilishi rejasini Madaniyat vazirligining kelgusi yillar uchun tasdiqlanadigan istiqbolli rejasiga kiritilishini ma’lum qilamiz".

A.AZIMOV,

xalq deputatlari

Bulung‘ur tuman kengashi deputati.