Soxta kommunalchilar guruhining bosqinchiligi fosh etildi
Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida o‘zini kommunal xizmati xodimlari deb tanishtirib, birovning uyiga bostirib kirgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 18 sentyabr kuni Navoiy viloyatining Uchquduq tumani IIBga shu tumanning Geologlar ko‘chasidagi xonadonga ikki nafar noma’lum shaxs o‘zlarini kommunal xizmati xodimlari deb aldab kirishgani, ushbu xonadon egasining farzandi uyda yolg‘iz qolganidan foydalanib, uning qo‘llarini skoch bilan bog‘lab, bosqinchilik jinoyati sodir etishgani hamda xonadondan 26 million 500 ming so‘m pul hamda “Samsung J-4” rusumli mobil apparati olib ketilgani haqida xabar kelib tushgan.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu bosqinchilik jinoyatini sodir etgan 1994 yilda tug‘ilgan F.F. va 1993 yilda tug‘ilgan A.Sh. va jinoyat sodir etish uchun qulay sharoit va boshqa ma’lumotlar haqida xabar berib turgan, xonadon egasi bilan birga ishlovchi 1994 yilda tug‘ilgan E.F. qo‘lga olingan.
Gumon qilinuvchilarning yashash uylari tekshirilganda ularning uylarida saqlanayotgan pullar, ikkita mobil apparati va jinoyat sodir etishda foydalaniladigan buyumlar daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.