SSV: Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning ahvoli hozircha qoniqarli darajada

Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida zarur choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, epidemiologik surishtiruv hamda kasallik tarqalib ketmasligi uchun barcha profilaktik chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilmoqda.

– Hozirga qadar koronavirus infeksiyasi qayd etilgan 6 nafar bemor  klinikamizda yotqizilgan. Ular Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, belgilangan stantdartlar asosida davolanmoqda, – deydi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti direktori Erkin Musaboyev. – Bemorlar shifokorlar tomonidan kecha-yu kunduz tibbiy nazoratga olingan. Umumiy ahvoli doimiy kuzatuvda. Ayni paytda bemorlarimizning ahvoli qoniqarli.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va ushbu infeksiyaga chalingan bemorlarni davolash uchun barcha sharoit yaratilgan. Jumladan, tibbiyot muassasalari zarur dori-darmon vositalari hamda mutaxassislar bilan yetarli darajada ta’minlangan. Shu bois aholidan vahimaga berilmasdan, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilishlarini so‘rab qolamiz.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.