SSV tug‘ruqxonada erkak kishining shifokor ayolni sochidan tortib sudragani yuzasidan ma’lumot berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishi tibbiyot muassasasidan ayol shifokorning sochidan tortib, sudrab chiqayotgani aks etgan videoyozuv tarqaldi.

Cog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, 2021 yilning 25 avgust kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Nursuh qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro M.S. tuman tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limiga «homiladorlik 2, tug‘ruq 2, homiladorlikning 39 haftasi. Tug‘ruqning birinchi davri» tashxisi bilan qabul qilinib, 26 avgust kuni soat 16:00 larda tirik, jinsi o‘g‘il, 3200 gramm vaznli, ammo og‘ir ahvoldagi chaqaloqni dunyoga keltirgan.

Tug‘ruqni akusher-ginekolog Yu.A. va shifokor-neonatolog H.N.lar qabul qilgan. Dastlabki tibbiy tekshiruvlar natijasida bolada ona qornidalik davrida embrional rivojlanish va homila organlarining paydo bo‘lishi buzilgan va nuqsonli rivojlangani aniqlangan. Natijada go‘dak to‘liq rivojlanmagan organlar bilan tug‘ilgan. Qolaversa, chaqaloqda tug‘ma nuqsonlar kuzatilib, bolaning o‘pkasi 70 foizga rivojlanmagan.

Shu bois, chaqaloq zudlik bilan intensiv terapiya xonasiga o‘tkazilib, unga zarur reanimatsion yordam ko‘rsatilgan. Biroq bolaning o‘pkasi o‘z faoliyatini bajarmaganligi sababli unda og‘ir asfiksiya holati kuzatilgan.

Tibbiyot xodimlari tomonidan olib borilgan kerakli reanimatsion chora-tadbirlarga qaramasdan go‘dak 2021 yilning 27 avgust kuni soat chamasi 12:20 da «O‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligi» tashxisidan vafot etgan. Shundan so‘ng chaqaloq murdasi va tibbiy hujjatlar patalogoanatomik tekshiruvga yuborilgan.

Shifokor-neonatolog H.N chaqaloq vafot etganligi sababli shu kuni soat chamasi 12:30 larda go‘dakning buvasi, fuqaro S.S.ni chaqirib, unga vaziyatni tushuntirishga harakat qilgan. Biroq S.S. muassasa tug‘ruq bo‘limining vrachlar xonasida tug‘ruq tarixlarini yozib o‘tirgan va tug‘ruqni olib borgan akusher-ginekolog Yu.A.ning oldiga borib, uni sababsiz sochidan tortib, tashqariga sudrab olib chiqib, jiddiy tan jarohati yetkazgan.

Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, ushbu zo‘ravonlik harakatini sodir etgan shaxs, ya’ni 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro S.S. o‘z vaqtida ichki ishlar organlari tizimida ishlab, nafaqaga chiqqan.

Tibbiy tekshiruv davomida jabrlangan shifokor Yu.A.ga miya chayqalishi tashxisi qo‘yilgan. Ayni paytda shifokor tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam markazi jarrohlik bo‘limida davo muolajalarini olmoqda.