Sud hokimiyati faoliyati raqamlashtirilishi sudyalarga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi
Keyingi yillarda sudlar faoliyatining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘z navbatida, sudlarga murojaat qilish tartib-taomillarini yanada erkinlashtirish hamda sudlar faoliyatida shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning 3 sentyabrida Prezidentimizning “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror avvalo sudlar va boshqa idoralar o‘rtasida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, umuman, tizim faoliyatini zamonaviy asosda tashkil etishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Kelgusi yildan boshlab sud majlislari belgilangan tartibda audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borilishi, apellyasiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlar sudyalar o‘rtasida avtomatik tarzda taqsimlanishi sohada byurokratiyaning oldini olishga xizmat qiladi. O‘z navbatida, sudyalar faoliyatiga chetdan aralashishlarning oldini olib, mas’uliyatini oshiradi.
Bundan ko‘rinadiki, qarorda belgilangan har bir masala odil sudlovga keng yo‘l ochishga qaratilgan. Shuningdek, muayyan ishni ko‘rish jarayonida zarur bo‘lgan ma’lumotlar va hujjatlarni sudlar tomonidan bevosita davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olish yo‘lga qo‘yiladi.
Bu yangilik avvalo sud ishtirokchilariga qulaylik yaratish barobarida, sudlar ishlarni tezkor ko‘rib chiqish, qabul qilinayotgan hujjat qonuniy, adolatli bo‘lishida muhim rol o‘ynaydi. Negaki, bugungi kunda sudlarda ishlarni ko‘rishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan ma’lumot almashinuvi qog‘oz shaklida amalga oshirilmoqda. Bu tabiiyki, ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflanishiga sabab bo‘layotir.
Sudlar tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlar adolatli bo‘lishida qaror bilan yana bir qator o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Misol uchun, sudlar tomonidan jarimalarni kamaytirish yoki ularni qo‘llamaslik masalalarini ko‘rib chiqishda fuqaroning mulkiy holati va ijtimoiy ahvoli haqida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va boshqa axborot tizimlarining integratsiyasi orqali ishonchli ma’lumotlar bilan tanishib chiqadi.
Aliment miqdori esa axborot tizimi orqali tumanlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqlari to‘g‘risida ma’lumotlarni elektron shaklda olish orqali belgilanadi.
Bu ikki yangilikning o‘ziyoq kimgadir “imtiyoz” qo‘llash, boshqa birovga ko‘proq jarima yoki aliment belgilanmasligini kafolatlaydi.
Umuman, qarorda belgilangan vazifalar oddiy fuqaro ko‘zi bilan qaralganda sudyalar mas’uliyati oshirayotganini ko‘rish mumkin. Negaki, keyingi 2-3 yilda 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar yo‘lga qo‘yilishi kerakligi sudyalarga ham izlanish, ko‘proq o‘qib-o‘rganish talabini qo‘ymoqda.
Albatta, sud organlari faoliyatiga axborot-texnologiyalarining keng joriy etilishi, sudlar va davlat tashkilotlari, sud ishtirokchilari o‘rtasida axborot almashinuvining zamonaviy asosda yo‘lga qo‘yilishi odil sudlov samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
O‘.MAMADALIYeV,
jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi o‘rinbosari.