Sud majlislarida ommaviy axborot vositalari vakillari belgilangan tartib asosida ishtirok etadi
Sudlov faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash va sudga nisbatan jamiyat ishonchini oshirish maqsadida sud muhokamasi oshkoraligi va sudlar faoliyatiga doir axborotni olish huquqini amalga oshirish uchun zarur sharoit yaratilishi lozim.
Sudlar faoliyatiga doir axborotni olish huquqini fuqarolarning tili, jinsiy, irqiy, milliy mansubligi, diniy, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeiga qarab cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘z navbatida sud muhokamasi oshkoraligi, sudlar faoliyatiga doir axborotni olish sud ishlarini yuritish vazifalarini amalga oshirishga xizmat qilishi va sudlov faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga olib kelmasligi lozim.
Ommaviy axborot vositalari muayyan ish yuzasidan sud muhokamasi natijalarini oldindan bashorat qilishga yoki sudga boshqacha tarzda ta’sir etishga (bosim o‘tkazishga) haqli emas.
Sudya esa sud qarori qonuniy kuchga kirmagan ish bo‘yicha intervyu berishga yoxud ommaviy axborot vositalarida chiqish qilishga haqli emas.
Ish muhokamasi to‘liq yoki qisman yopiq sud majlisida o‘tkazilishiga faqat qonunda nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Buning uchun sud asoslantirilgan ajrim chiqarishi va unda protsess ishtirokchilari bo‘lmagan shaxslarning, ommaviy axborot vositalari vakillarining sud majlisi zaliga erkin kirishiga to‘sqinlik qiladigan aniq holatlar ko‘rsatilishi kerak.
Ish yopiq sud majlisida muhokama qilinishi to‘g‘risidagi ma’lumot hamma uchun ochiq bo‘ladi.
Qonunga ko‘ra, ochiq sud majlisini fototasvirga tushirish, videoyozuvni amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida translyasiya qilishga quyidagi tartibda yo‘l qo‘yiladi:
- fuqarolik ishini ko‘rish paytida sud majlisida raislik qiluvchining taraflar roziligi olingandan keyin bergan ruxsati bilan;
- jinoyat, ma’muriy, iqtisodiy ishni va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish paytida sud majlisida raislik qiluvchining taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan.
Ochiq sud majlisida audioyozuvni amalga oshirishga quyidagi tartibda yo‘l qo‘yiladi:
- fuqarolik ishini ko‘rish paytida sud majlisida raislik qiluvchining taraflar roziligi olingandan keyin bergan ruxsati bilan;
- jinoyat ishi va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish paytida sud majlisida raislik qiluvchining taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan.
Sud majlisi zalida hozir bo‘lganlar har qanday ish bo‘yicha erkin tarzda yozma qaydlar qilishlari, stenogramma yuritishlari, iqtisodiy ish yoki ma’muriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan ish ko‘rilayotganda esa, shuningdek, audioyozuv olib borishlari mumkin.
Protsess ishtirokchilari iltimosnomalarini, ommaviy axborot vositalari vakillari murojaatlarini qanoatlantirish yoki rad etish haqida sud joyida ajrim chiqaradi va sud majlisi bayonnomasiga kiritadi.
Sud ommaviy axborot vositalari vakillarini tarqatilayotgan axborotning to‘g‘riligi, haqqoniyligi, xolisligi va ishonchliligi uchun javobgarlik haqida ogohlantiradi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida yozib qo‘yiladi.
Sud majlisida qatnashish uchun kelgan shaxslar, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillarining sud binosiga kirishi sudning ichki faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlar bilan o‘rnatilgan qoidalarga qat’iy rioya qilingan holda ta’minlanishi lozim.
Chet davlatlar ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zaliga ular O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilinganligi to‘g‘risida hujjat taqdim etgan taqdirda kiritiladi.
Protsessual qonun talablariga muvofiq, fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy, ma’muriy ishlar va ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni ko‘rish natijasi bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlari, sud muhokamasi ochiq yoki yopiq tarzda o‘tkazilishidan qat’i nazar, oshkora e’lon qilinadi, qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Orif Pardayev,
Samarqand viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi.