Sug‘dning shimoliy temir darvozasi topildi yoxud Samarqand–Nurota yo‘lidagi qadimiy shaharlar qanday bo‘lgan?

 “Temir qapig‘” nima degani? U qayerda joylashgan? Yurtimizga bostirib kirgan Chingizxon boshliq mo‘g‘ul qo‘shini nega Nurotaga tez kirib borgan? Unga sirli yo‘lni kim ko‘rsatgan?

2012 yilda Qo‘shrabot tumani hududida joylashgan arxeologik yodgorliklarni ro‘yxatga olish va ularni “Samarqand viloyati arxeologik yodgorliklari xaritasi”ga kiritish borasidagi ishlarni Jo‘sh qishlog‘idan shimoliy hududda joylashgan Mijg‘uvon, Chalg‘ir va Qorabog‘ qishloqlaridan boshladik. Mijg‘uvon qishlog‘ida yashovchi Jo‘raqul aka bizga qishloqlar atrofida va tog‘li hududlardagi yodgorliklarni ko‘rsatish istagini bildirdi. O‘zi ham bu yodgorliklarning tarixiga juda qiziqishini aytdi. Shu tariqa Jo‘raqul aka o‘z tashabbusi bilan bizga yo‘lboshlovchilik qiladigan bo‘ldi.

U kishi Nurota tog‘larining shimoliy qismida joylashgan mashhur “Nurota” bo‘rdoqichilik sovxozida ko‘p yillar zootexnik bo‘lib ishlagan ekan. Bu tog‘li hududning har bir so‘qmog‘ini, har bir toshini besh qo‘lday bilishi menda katta taassurot qoldirdi. Bu hududdagi soylarda yuzlab qoyatosh suratlar ham bor ekan. Jo‘raqul aka shogirdim, qoyatosh suratlar bo‘yicha mutaxassis olim, qo‘shrabotlik Azbiddin Xolmatovga yo‘l ko‘rsatib keta boshladi. Yo‘l-yo‘lakay bir nechta qadimiy tepaliklarni hamda noyob arxeologik yodgorliklar sarasiga kiruvchi juda ko‘p qoyatosh suratlarni ro‘yxatga oldik.

Buloq bo‘yida ozroq tin olish uchun o‘tirganimizda, Jo‘raqul aka menga:

– Sizga bir savolim bor. Mana shu soyni eng oxirida, tekislikka chiqish joyida bitta qishloq bor, nomini odamlar har xil atashadi. Birov “Temir qovuq”, deydi, yana birov “Temir qovoq”, deydi, boshqa birovi esa “Temir qobiq”, deydi. Ularning qaysi biri to‘g‘ri, nima degani o‘zi bu? – dedi.

– Nima, o‘sha tomonda Temir qovuq degan qishloq bormi, hech eshitmagan ekanman, – dedim.

  • Bu qishloq ancha yillar avval Temir qovuq deb atalardi, asli nomi ham shu, keyinchalik Nurota sovxozi bo‘lib ketdi. Eski nomi unutilayozgan edi, mustaqillikdan keyin yana Temir qovuq deb atalyapti, – dedi.

– O‘sha Temir qovuq qishlog‘iga yaqin joyda biron-bir qal’a qoldiqlari bormi?

  • Ha bor, bir emas, ikkita qal’a bor. Odamlarning aytishicha, bu qal’alarni Chingizxon yo‘q qilgan ekan.
  • Siz menga nihoyatda muhim tarixiy ma’lumotni aytdingiz. Temir qovuqning asl nomi “Temir qapig‘”, bu qadimiy turkiycha atama bo‘lib, arab tilida “Bob al-Hadid”, fors tilida esa “Dar-i Ohanin”, mo‘g‘ul tilida “Temir qaxalqa” deyiladi. Ularning barchasi yagona “Temir darvoza”, degan ma’noga ega. Xuddi shunday “Temir qapig‘” degan joy Qashqadaryo bilan Surxondaryoning chegarasida, Darband degan joyda, ikkinchisi Jizzaxga borishda Ilono‘tti darasida bor, – dedim.

Ikki chaqirimcha yo‘l bosganimizdan keyin katta bir qoya tagida to‘xtadik.

– Mana shu qoya ustida, ho‘v tepada qal’a bor, bu yerdan chiqa olmaysiz, tog‘ tomondan aylanib kelamiz, – dedi yo‘lboshlovchi.

Tog‘ tomondan aylanib qoya ustiga chiqdik. Qoya chekkasidan pastga qarasangiz, yuragingiz uyushadi, tog‘ tomonni hisobga olmasangiz, har uch tomondan qoyaga faqat qush uchib chiqa oladi. Ko‘z oldimizda devorlari toshdan qurilgan va keyinchalik xarobaga aylangan ulkan qal’a qoldiqlari yastanib yotibdi. Kunchiqar tomonda yagona darvozaning o‘rni yaqqol ko‘zga tashlanadi. Undan ichkariga kirdik. O‘rtasida hovlisi ham bor ekan. Atrofga aylanib, xonalarni sanay boshladim, oltmishtacha xona mavjud. Xonalarning aksariyati tashqi devor bo‘ylab ichkarida ikki qator bo‘lib yonma-yon joylashgan. Ularga hovli tomondan ketgan yo‘laksimon uzun koridorlardan kiriladi, xuddi kazarmani eslatadi. Xonalar soni bu qal’ada yuz-yuz yigirmata odam yashaganligini ko‘rsatadi. Hovlining bir chekkasida kattakon yarg‘uchoq bo‘lagi ham uchradi. Atrofda sopol parchalari sochilib yotibdi, o‘n-o‘n beshtasini terib oldim. Uzoq yillar davomida ko‘raverib,  ko‘zimiz pishib ketgan va bizga tanish bo‘lgan o‘rta asrlar davriga, XII-XIII asrlarga oid sopol idishlar parchalari. Qo‘limda sopollar, “Jo‘raqul aka, haqiqatan ham bu qal’ani Chingizxon buzgan, degan gaplar to‘g‘riga o‘xshaydi, manavi sopollar ham aynan o‘sha davrlarga oid” dedim.

Bir vaqtlar odamlar gavjum bo‘lgan va hozirda xarobaga aylanib yotgan bu joylar odamda tushkun kayfiyat, achinish hissini uyg‘otadi.

Qal’a xarobalarini ikki soatcha ko‘zdan kechirganimizdan keyin, birinchi qal’adan 15-20 metr balandroqda joylashgan ikkinchi qal’aga yo‘l oldik. Qal’a barcha tomonlari juda tik bo‘lgan qoya ustiga qurilgan bo‘lib, unga faqat janub tomonidagi torgina so‘qmoq orqali chiqish mumkin. Qal’a butunlay vayron etilgan va me’moriy xususiyatlarini tamoman yo‘qotgan. Faqat balandligi 5 metrcha chiqadigan ulkan toshning ustida paxsa devorning ozgina xarobalari ko‘rinib turibdi. Yakkam-dukkam sopol parchalari uchraydi.

Ushbu qal’alar bir vaqtda faoliyat ko‘rsatgan va ular Temir darvozadan Jo‘sh tomonga kirayotgan karvonlarni nazorat qilgan. Pastdagi katta qal’ada qo‘riqchi lashkarlar yoki bojxonachilar yashagan bo‘lsa, baland qal’ada ularning boshliqlari xizmat qilgan.

“Temir qapig‘” va uning tarkibidagi bu qal’alar chinakam kashfiyot edi. Biz shu paytgacha O‘zbekiston tarixida umuman noma’lum bo‘lib kelgan Sug‘dning shimoliy temir darvozasini topgan edik.

Temir darvozalar hamisha strategik ahamiyatga ega, ta’bir joiz bo‘lsa, xalqaro maqomdagi yo‘llarda qurilgan. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari chegarasidagi Temir darvoza O‘rta Osiyoning eng yirik tarixiy o‘lkalari Sug‘d va Baqtriyani bog‘lab turgan, Samarqanddan, Buxorodan kelib Baqtriya orqali Hindistonga ketgan xalqaro yo‘l ustida qurilgan.

Sug‘d-Sug‘diyona (hozirgi Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy va Buxoro viloyatlari hududlarini o‘z ichiga olgan yirik tarixiy-geografik o‘lka – R.A.) o‘lkasining tarixiy-geografik manzarasini hamda qadimiy yirik shaharlari joylashuvini ko‘z oldimizga keltirib, Sug‘dning ushbu shimoliy temir darvozasi  faoliyati va ahamiyatini tasavvur qilish mumkin.

Qadimda Buxorodan Nurota orqali Jo‘shga kelgan yo‘l ushbu temir darvoza orqali o‘tib, Sirdaryo bo‘yida joylashgan Yassi va O‘tror shaharlariga hamda Toshkentga ketgan yaqin yo‘l hisoblanadi. Shu bilan birga Buxorodan Nurotaga kelib, Jo‘shga kirmasdan Nurota tog‘larining shimoliy hududlari bo‘ylab Yassi, O‘tror va Toshkentga ketadigan yo‘l ham bo‘lgan. Temir darvoza mana shu yo‘llarning tugunida joylashgan va uning qadimiy mutasaddilari har ikkala yo‘lni ham nazorat qilgan bo‘lishi mumkin.

Samarqanddan Jo‘shga kelgan yo‘l juda serqatnov va katta ahamiyat kasb etgan. Sababi, bu yo‘l ustida joylashgan Chelak (Vidor), Sog‘arj, Qo‘rg‘ontepa, Davrqo‘rg‘on va Jo‘sh (Bekqo‘rg‘ontepa) shaharlari yuksak darajada rivojlangan.

Bu yo‘l qadimiy Samarqand shahridan boshlangan va to‘g‘ri shimolga qarab ketgan. Qadimda yirik shaharlar orasidagi yo‘llar aksariyat hollarda bir kunlik bo‘lgan, ya’ni biron shahardan tongda yo‘lga chiqqan karvon kech kirganda ikkinchi shaharga yetib borgan. Ular bir kunda o‘rtacha 4-5 farsah (27-30 km) masofani bosib o‘tgan. O‘rta asrlarda yurtimizga kelgan arab sayyohlari Movarounnahr shaharlari to‘g‘risida ma’lumot berganlarida, Samarqand, Buxoro, Nasaf, Termiz kabi markaziy shaharlardan necha farsah masofada joylashganligini qayd etgan. Shu tariqa keyingi sayyohlarga o‘z sayohatlarini rejalashtirishlariga zamin yaratgan.

Olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida ilk o‘rta asrlarda va o‘rta asrlarda Nurota tog‘larining shimoliy hududlarida, aniqrog‘i, Sentob qishlog‘i atrofida katta miqdorda oltin qazib olinganligi aniqlangan. Arxeolog olim G.Ya.Dresvyanskayaning fikriga ko‘ra, Somoniylar sulolasi davrida faqatgina Sentob konlaridan o‘rtacha 3600 kg atrofida oltin qazib olingan. Mana shu oltin rudalari ham shubhasiz, temir darvozada yashagan qo‘riqchilar nazoratida bo‘lgan. Bu himoya inshootining bunyod etilganligiga mana shu qimmatbaho metall va metall konlari ham sabab bo‘lgan bo‘lishi ehtimolga yaqin. Temir darvoza orqali Sug‘dga katta miqdorda oltin ham kirgan. Bu oltin ham shubhasiz, jo‘shlik malakali metallurglar tomonidan qayta ishlangan, albatta. Shuning uchun Jo‘shni o‘rta asrlardagi yirik sanoat shahri sifatida talqin qilish mumkin.

Fikrimizcha, Bekqo‘rg‘ontepa Movarounnahrning yuzlab katta-kichik shaharlari qatorida 1219-1220 yillarda Chingizxon bosqini davrida vayronaga aylangan bo‘lsa kerak. Chunki Chingizxon Buxoroga Nurota tarafdan kelganligi tarixdan ma’lum. Nurotaga esa Temir qovuqdan o‘tib, Jo‘sh orqali kelgan bo‘lsa kerak.

O‘rta asrlar yozma manbalarida aytilishicha, Chingizxon qo‘shini Sirdaryodan qishda muzlagan daryo ustidan yurib o‘tgan. Ular Nurotaga ketishda avval Zarnuq qal’asiga duch kelganlar. Chingizxon o‘z odatiga ko‘ra, qal’ani qamal qilishdan avval qal’aga Donishmand Xojib degan kishini elchi qilib jo‘natib, qal’a himoyachilaridan o‘z xohishlari bilan taslim bo‘lishlarini so‘ragan. Donishmand Xojib qal’a himoyachilarini taslim bo‘lishga ko‘ndirgan va ularning hayoti va mol-mulklari saqlanishiga va’da bergan. Shu tariqa himoyachilar shahar darvozalarini ochib berganlar. Chingizxon qal’aga kirgan, va’daga ko‘ra uni vayron etmagan, aholisini qirmagan, faqat uning mudofalangan arkini buzishni buyurgan, xolos. Chingizxon qal’a himoyachilaridan yosh va baquvvat yigitlarni qo‘shin safiga olib, Nurotaga qarab yo‘lga chiqqan. 

Qal’a himoyachilari o‘z xohishlari bilan taslim bo‘lganligi yoki ularning bir qismi qo‘shin safiga olingani boismi Chingizxon ketishda Zarnuq qal’asiga “Qutlug‘ baliq”, ya’ni “baxtli shahar” deb nom bergan. Zarnuq qal’asi hozirgi Zaynoq qishlog‘i atroflaridagi qal’alar bo‘lishi mumkin.       

Manbalarda aytilishicha, Zarnuq qal’asi himoyachilari orasida bir turkman bo‘lib, u Chingizxonga Nurotaga olib boradigan noma’lum yo‘lni ko‘rsatgan va mo‘g‘ul qo‘shinini mana shu yo‘ldan boshlab borgan. Chingizxon Nurotaga qarab yurgan yo‘l keyinchalik “Xon yo‘li” deb atala boshlagan. 1251 yilda mana shu yo‘ldan Chingizxon va uning avlodlari tarixini bitgan tarixchi olim Ota Malik Juvayniy o‘tgan. 

Savol tug‘iladi – zarnuqlik turkman ko‘rsatgan “noma’lum yo‘l” qayerdan o‘tgan? Agar Chingizxon qo‘shini Nurota tog‘larining shimoliy yon bag‘ri bo‘ylab yastanib yotgan cho‘l orqali ketgan bo‘lsa, bu yo‘lni noma’lum deb bo‘lmaydi, chunki bu yo‘l orqali hech bir adashmasdan to‘g‘ri Nurotaga borish mumkin. Qolaversa, bu yerda aniq bir yo‘nalishdagi yo‘lni ko‘rsatishning o‘zi mushkul. Zarnuqlik turkman “sotgan” noma’lum yo‘l – shubhasiz, biz tomonimizdan ta’riflanayotgan, “Temir qapiq” orqali Jo‘shga kelgan yo‘l. Agar turkman bu yo‘lni ko‘rsatmaganda, Chingizxonning ulkan qo‘shini bu tor daradan yurmasdan cho‘l orqali to‘g‘ri Nurotaga ketaverishi mumkin edi. 1582 yilda aynan mana shu yo‘ldan Jo‘sh tomonga Abdullaxon ham katta qo‘shin bilan o‘tib, yo‘l-yo‘lakay Abdullaxonbandi suv ombori to‘g‘onini qurishga buyruq bergan. Shuning uchun zarnuqlik turkman ko‘rsatgan noma’lum, keyinchalik “Xon yo‘li” deb atalgan yo‘l “Temir darvoza” orqali Jo‘shga ketgan yo‘l, deyishga asosimiz bor. Demak, Abdullaxonning katta qo‘shinini sig‘dirgan yo‘ldan qadimda Chingizxon qo‘shini ham bemalol yurishi mumkin bo‘lgan. Chingizxon mana shu yurishida maqolada yuqorida aytib o‘tilgan ikkita qal’ani ham vayron qilgan.

Jo‘sh shahri nomi yozma manbalarda Xazorajo‘sh nomi bilan tilga olinadi. XVI asr tarixchisi Hofiz Tanish bek Mir Muhammad Buxoriyning “Abdullanoma” asarida shunday satrlar bor: “(Abdullaxon) Temur qobuqdan Nurotaga borishda Xazorjo‘sh vodiysida joylashgan Oqchab orqali o‘tdi. Bu vodiyda bahorda sel suvlari to‘planadi va bu suvlardan dehqonchilik uchun juda oz foydalaniladi. Shuning uchun u (Abdullaxon) Ahmad Ali-Otaliq naymanga mana shu tor darada Somon yo‘li yanglig‘ to‘g‘on qurishga buyruq berdi”. Bu ma’lumot Abdullaxonning 1582 yilda janubiy Qozog‘iston hududlariga qilgan yurishlaridan Buxoroga qaytishi sharafiga bitilgan bo‘lib, unda Temir darvoza (Temir qobuq), Jo‘shning qadimiy nomi va Qo‘shrabotning Oqchab qishlog‘idan yuqori tomonidagi Beklarsoyda qurilgan Abullaxonbandi to‘g‘oni to‘g‘risida gap ketgan. Abdullaxonbandi suv ombori to‘g‘onining qoldiqlari hozirgacha saqlanib qolgan.

Samarqanddan Nurotaga boradigan yo‘l Jo‘shdan o‘tib Chuya qishlog‘iga yetib borgan. Qishloq chekkasida so‘nggi o‘rta asrlarga oid yirik karvonsaroy qoldiqlari qad rostlab turibdi. Qishloqning kunbotar tomonida yirik o‘rta asrlar yodgorligi yastanib yotibdi va bu yodgorlikni o‘rta asrlarda karvon yo‘lida faoliyat ko‘rsatgan navbatdagi manzil sifatida talqin qilish mumkin.

Qadimiy Katta Sug‘d tumani (hozirgi Payariq va Qo‘shrabot tumanlari) hududlari va uni o‘rtasidan kesib o‘tgan Samarqand–Nurota yo‘li qadimiy ildizga ega. Bu yo‘lni bugun zamonaviy turizm yo‘liga aylantirish, bu yo‘lda joylashgan qadimiy va o‘rta asrlarga oid shaharlar, qishloqlar va qal’alar qoldiqlarida arxeologik tadqiqotlar olib borib, ularni “Ochiq osmon ostidagi muzey”larga aylantirishni taklif qilaman.

Abdusobir RAIMQULOV,

O‘zR Fanlar akademiyasi Arxeologiya  instituti “Qadimgi va o‘rta asrlar davri arxeologiyasi” bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari doktori.