Surxondaryoliklar uyidan Qizil kitobga kiritilgan hayvonlar topildi

Surxondaryo viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda viloyat IIB tomonidan Sho‘rchi tumanida istiqomat qiluvchi ikki fuqaroning uyidan ikki bosh Buxoro qo‘yi va bo‘ri olindi. Bu haqda O‘zbekiston Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Joyilma mahallasida yashovchi fuqaroning o‘zi uyida Qizil kitobga kiritilgan ikki bosh Buxoro qo‘yi saqlanayotganini xabar qilgan.

Bundan tashqari, tumanning Xushchekka mahallasida yashovchi fuqaroning uyida saqlanayotgan bir bosh bo‘ri ko‘ngilli ravishda fuqarodan olingan.

Ularning xavfsiz va doimiy nazoratda bo‘lishini ta’minlash maqsadida jonivorlar belgilangan tartibda Termiz hayvonot bog‘iga topshirildi.

Buxoro qo‘yi O‘zbekiston va Jahon Qizil kitobiga kiritilgan bo‘lib, ushbu tur butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan, lokal tarqalgan kenja tur hisoblanadi, deyiladi xabarda.