Suv toshqinlari, yong‘inlar, yuqori harorat: Iqlimga nima bo‘lyapti?
Inson tarixi davomida turli iqlim o‘zgarishlariga bardoshlik qobiliyatini namoyish qilib kelgan. Ammo bu safar dosh berish og‘ir kechyapti.
Tarixida jazirama bo‘lmagan hududda jazirama, sovuq bo‘lmagan hududda sovuq bo‘layotgani bu hali tahdidning boshlanishi, degan xavotirda olimlar. Misol uchun, Meksikaning Gvadalaxara shtati aholisi iyul oyi jaziramasida kutilmaganda ikki metr qalinlikda do‘lga duchor bo‘ldi. Bu nafaqat shtat gubernatori Enrike Alfaroni, balki sayyoramiz barcha iqlimshunoslarini sarosimaga soldi. Negaki, yer yuzida bundan-da battar dovul, to‘fon, qirg‘oqchilik, suv toshqini, yong‘in, zilzila kabi vayronagarchilik keltiruvchi ofatlar ham ko‘paymoqda.
Oqibatlar g‘oyat achinarli. Statistikaga ko‘ra, yer yuzi aholisining 30 foizi gullovchi o‘simliklardagi allergiya – polinozdan aziyat chekyapti. Negaki, yillik harorat qancha baland bo‘lsa, yoz davrida bu xatar yanada kuchayadi. Tabiiy yong‘inlardan tarqalayotgan tutun va kul yanada xavfli – yurak xuruji, nafas siqilishi, astma bo‘g‘ilishdan o‘lim holatini ko‘paytiradi. Bunga 2010 yilda Rossiyada yong‘in oqibatida o‘lim 36 foizga ko‘payganini misol keltirish mumkin.
Atrof-muhit o‘zgarishi gullab-yashnayotgan davlatlarni allaqachon sarosimaga solib qo‘ydi. O‘zlarining texnologiya salohiyati bilan sivilizatsiyaning yuqori pog‘onalariga ko‘tarilgan bu davlatlar ham tabiat tahdidi oldida ojiz qolishyapti. Kichik bir misol: hozirda Alyaska atrofidagi muz jadal eriyapti. Yo‘ldoshlar ma’lumotiga ko‘ra, Chukotka va Bering dengizlari harorati Selsiy bo‘yicha me’yoridan besh daraja yuqoriga ko‘tarilgan. Nafaqat Alyaska sohillari, balki tirikchiligi qishloq xo‘jaligi, iqlimga bog‘liq boshqa hududlar ham zarba ostida qolmoqda.
Bangladesh aholisi zich davlat, haydaladigan yer aholi jon boshiga juda kam. Global isish aholi boshiga shiddatli tropik siklonlar, ayovsiz suv toshqinlarini keltirmoqda. Xatarli qurg‘oqchilik Afrikaning shundoq ham qashshoqlikka mahkum mamlakatlari boshiga kulfat yog‘dirmoqda.
Global issiqlikning boshqa xatarli ko‘rinishi – dunyo okeani sathining ko‘tarilishi joriy asr oxiriga borib jahon xaritasini butunlay qamrab olishi mumkin. Prognozlar bo‘yicha kelajakda Amsterdam, Venetsiya, Tripoli, Iokagama shaharlari Maldiv orollarini ayanchli qismat kutmoqda, ular batamom suv ostiga g‘arq bo‘ladi. AQSh, Gollandiya, Italiya, Daniya, Ispaniya, shuningdek, Xitoy va Yaponiyaning juda katta hududlarini suv bosadi. Kerch, Feodosiya, Yevpatoriya, Odessa Qora dengiz suvi qa’rida qolishi mumkin.
Umuman, 2100 yilga borib yer yuzining 100 million aholisi okean suvi ko‘tarilishi oqibatida boshpanasidan mahrum bo‘ladi.
Buni qarangki, global isish, iqlim o‘zgarishi insoniyat boshiga kulfat yog‘dirishi bilan birga yashash uchun ijobiy ta’sir ham ko‘rsatar ekan. Yaqinda “Enviroymental Research Letters” jurnalida rossiyalik va amerikalik iqlimshunoslar global isish Sibir va Uzoq Sharqda yashash uchun qulay sharoit yaratishini bayon qildi.
Rossiya Fanlar akademiyasining Sibir o‘rmon instituti olimlari “Agar atmosferaga chiqarilayotgan parnik gazlari to‘xtatilmasa, kelajakda Sibirda issiqlik Selsiy bo‘yicha 9 daraja oshishi, yoz oylari harorat 5,7 daraja yuqori bo‘lishi, yog‘in miqdori 140 mm.ga ko‘tarilishini ta’kidladi.
Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, taxmin va hisob-kitoblarga ko‘ra, asr oxiriga kelib Sibir kamida 1 milliard iqlim o‘zgarishi qochoqlarining yangi uylariga aylanishi mumkin.
T.Shomurodov tayyorladi.