Suvni loyqalatmang
Ikkinchi jahon urushidan keyin amalda Yer yuzidagi mavjud imperiyalarga birin-ketin darz keta boshladi. Osiyo, Afrika va Amerika qit’alaridagi ko‘p mustamlaka mamlakatlar milliy ozodlikka erishdi. Biz ana shu jarayonga asrning so‘nggi o‘n yilligidagina qo‘shildik. 1991 yilda sobiq Ittifoqning tarqab ketishi bilan 15 mustaqil davlat paydo bo‘ldi.
Biroq dunyoda imperiyachilik g‘oyasi yo‘qolgani yo‘q. Ilgari mustamlakachi bo‘lgan mamlakatlar milliy mustaqillikka erishgan davlatlar ustidan hukronlik qilishning yangi-yangi yo‘llarini izlamoqda. Shu tariqa neokolonializm, ya’ni yangi mustamlakachilik siyosati yuzaga keldi.
Keyingi kunlarda keng muhokama bo‘layotgan, ayrim shaxslarning “O‘zbekistonda rus tiliga millatlararo aloqa tili maqomi berilishi kerak!” degan g‘oyasi ortida ham ana shunday yangi mustamlakachi kuchlar turgandek go‘yo. Binobarin, O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy maqom berish g‘oyasini ko‘tarish amalda mustamlakachilikni qo‘msashdan boshqa narsa emas.
To‘g‘ri, dunyo xaritasida ikki yoki undan ortiq til davlat tili hisoblangan mamlakatlar ham mavjud. Bunday davlatlarda aholining ko‘pchilik qismini tashkil etadigan etnik millat vakillarining tiliga ikkinchi rasmiy yoki davlat tili maqomi beriladi. Lekin O‘zbekistonda aholining 80 foizdan ortig‘ini o‘zbeklar tashkil etadi. Ruslar esa son jihatidan unchalik ko‘p emas (1 millionga yaqin).
Demak, bizda ikkinchi bir tilga davlat tili maqomi berishga hech qanday demografik asos yo‘q. Bundan tashqari, azal-azaldan o‘zbeklar bilan yonma-yon yashab kelgan tojiklar, qozoqlar, qirg‘izlar, turkmanlar tilimizni juda yaxshi bilishadi, ular bilan alohida “millatlararo aloqa tili” da gaplashishga yoki muloqot qilishga hatto, sho‘ro davrida ham ehtiyoj yo‘q edi.
Yana bir jihat, mamlakatimizda rus tilining o‘qitilishi va o‘rganilishiga ham yetarlicha e’tibor berilmoqda. Ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarida rus tili ona tili sifatida o‘qitiladi. Boshqa olti (o‘zbek, qoraqalpoq, tojik, qozoq, qirg‘iz, turkman tilli) maktablarda rus tili asosiy fanlardan biri sifatida o‘qitiladi, chet tili sifatida emas. Hamma maktablarda biron bir chet tili o‘qitiladi ham.
Bir yarim ming yillik yozma tarixga ega tilimiz bor. Alisher Navoiydek daho aynan shu tilda butun olamni lol qoldiradigan darajadagi buyuk asarlar yaratgan. Ulug‘ bobokalonimizning “Tilga e’tiborsiz – elga e’tiborsiz”, degan dono hikmatlarini rus tiliga davlat tili maqomini berishni talab qilayotganlar shaxslarga yana bir karra eslatib qo‘ygim keladi. Rus tiliga davlat tili maqomini berishni talab qilish – amalda o‘zbek xalqi yuziga oyoq qo‘yish bilan barobar, deb bilaman. Bu suvni loyqalatishdan boshqa narsa emas.
Biz – ko‘pmillatli mamlakatda yashaymiz. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilgani boshqa hech bir tilning ravnaqiga ziyon yetkazmaydi. Bizda barcha millat va elatlar vakillarining huquq va erkinliklari kafolatlangan. Rus tili O‘zbekistonimizda davlat tili maqomiga aslo muhtoj emas.
Aksincha, bugun mamlakatimizdagi boshqa millat va elatlar vakillarining o‘zbek tilini yanada yaxshiroq o‘rganishini ta’minlashni o‘ylashimiz darkor.
Muslihiddin MUHIDDINOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan
yoshlar murabbiysi.