SXTU Amerikadagi xususiy universitetlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SXTU) AQShning Global ta’lim Konsorsiumi (CGE) bilan ta’lim va tadqiqot sohasida hamkorlik memorandumi imzoladi.
Global Ta’lim Konsorsiumi (CGE) — notijroat global tashkilot bo‘lib, AQShda akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy universitetlar va Atlantada joylashgan chet eldagi shu’ba hamkor universitetlardan iboratdir. Hozirgi kunda CGE 72 mingdan ortiq talaba va 7,3 mingdan ziyod o‘qituvchilarni hamda Anderson universiteti, LCC xalqaro universiteti, Liverpul Hope universiteti, Baylor universiteti, Carson-Newman universiteti, Sias universiteti kabi 40 dan ortiq universitetlarni birlashtirgan.
Imzolash jarayoni universitet rektori Yu.Abdullayevning AQShga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi. Memorandumdan ko‘zlangan maqsad universitet lavozimlariga professor-o‘qituvchilar va rahbarlarini tanlab olish bo‘yicha hamkorlik, qo‘shma ilmiy loyihalar ishlab chiqish, xorijda qisqa muddatli va semestrda o‘qish hamda amaliyot o‘tash imkoniyatlarini rivojlantirish, xalqaro akkreditatsiya va o‘qitish usullari bo‘yicha ma’lumot almashish kabi ustuvor masalalarni o‘z ichiga olgan.