Tadbirkorlar uchun Biznes-klinika ochildi
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilda kichik biznes mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 57 foizini tashkil etgan. Koronavirus pandemiyasi tufayli joriy yilda bu ko‘rsatkich bir muncha pasaydi. Chunki bir qator korxonalar ishlab chiqarish hajmi va ishchilar sonini qisqartirishga majbur bo‘ldi.
Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etilib, tadbirkorlik va aholi bandligini qo‘llab-quvvatlash tadbirlari belgilandi. BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan O‘zbekistonda ishga tushirilgan COVID-19 ga qarshi tezkor harakat mexanizmi doirasida uchta yo‘nalish - ehtiyojlarni tezda aniqlab, ular bo‘yicha yechim topish, inqirozga qarshi samarali boshqaruv, erta tiklanish bo‘yicha ishlar taklif qilindi.
Erta tiklanish yo‘nalishi doirasida BMT Taraqqiyot dasturi Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari uchun Biznes-klinika loyihasini ishga tushirdi. Biznes-klinika pandemiya davrida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlarga biznesni tiklash va davlat tomonidan beriladigan imtiyoz va preferensiyalar bilan bog‘liq barcha masalalar bo‘yicha bepul maslahatlarni taqdim etadi.
Biznes-klinika tadbirkorlik sub’yektlari bilan operativ aloqa uchun https://t.me/biznes_klinika telegram kanali ishga tushirildi. 1094 ishonch qisqa raqamiga tushayotgan savollarga 24 soatlik konsultatsiyalar berish tizimi yo‘lga qo‘yildi (+998 90 1753420, Farhod Jabborov, Milliy konsultant, "O‘zbekistonda yoshlarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish"), www.businessinfo.uz vebsaytining Biznes-klinika bo‘limida onlayn-murojaatlar qabul qilish imkoniyati yaratildi.
Loyiha mas’ullari pandemiyadan zarar ko‘rgan barcha kichik va o‘rta biznes vakillarini Biznes-klinika orqali tajribali mutaxassislardan biznesni tiklash va inqirozdan bosqichma-bosqich chiqish imkoniyatini beradigan soliq, bojxona, kredit va boshqa imtiyozlar bo‘yicha konsultatsiyalar olishga taklif qiladi.
Baxtigul QARShIYeVA.