Tadqiqot: O‘zbekistonda ayollarning 47,3 foizi 4 nafar farzandi bo‘lishini istaydi
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi yillarda respublikamizda tug‘ilish soni ortib bormoqda. Jumladan, 2000 yilda 527,6 ming nafar, 2010 yilda 634,8 ming nafar go‘dak dunyoga kelgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 905,2 ming nafarga yetgan. Xalqaro mezonlarga ko‘ra, O‘zbekiston 2021 yilda tug‘ilish darajasi bo‘yicha “o‘rtacha yuqori” bo‘lgan mamlakatlar qatoridan joy egalladi.
Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi “Oila va xotin-qizlar” ilmiy tadqiqot instituti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi bilan hamkorlikda oilalarda tug‘ilishning ko‘payish omillarini aniqlash maqsadida tadqiqot olib borildi. Joriy yilning 8 avgustdan 15 sentyabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahrida sotsiologik tadqiqot o‘tkazildi. O‘rganishlar 15 ta shahar, 33 ta tuman va 204 ta mahallani qamrab oldi.
Tadqiqot natijalari ko‘rsatishicha, xotin-qizlarning aksariyati oilada farzandlar soni 3-4 nafar bo‘lishini ma’qul ko‘radi. Yana muhim bir jihat, xotin-qizlarning har uchtadan biri (32,2 %) ko‘p farzandli bo‘lishni istaydi.
Tadqiqotda farzandli ayollarning yana qancha farzand ko‘rishlari to‘g‘risidagi fikrlari o‘rganilganida, 47,3 foiz ayollar 4 nafar, 38,6 foiz ayollar 3 nafar farzandli bo‘lishni rejalashtirishgani aniqlandi. Ko‘p farzandli bo‘lishni istovchilar ulushi 53,1 foizni tashkil etdi.
To‘rt nafar va undan ko‘p farzand ko‘rishni rejalashtirish holati farzand ko‘rgunga qadar har uchinchi respondentga (28,5 %) xosligi keyingi yillarda ham O‘zbekistonda demografik o‘sish sur’ati yuqori darajada saqlanib qolishidan darak bermoqda.