Samarqanddagi taksi firmasidan avtomashina ijarasi uchun 8 million so‘mga yaqin mablag‘ undiriladigan bo‘ldi

Doniyor (ismlar o‘zgartirilgan) “Neksiya” rusumli avtomashinasini 2016 yil 15 aprelda 2019 yil 15 aprelga qadar shartnoma asosida “Taksi” (korxona nomi o‘zgartirilgan) mas’uliyati cheklangan jamiyatiga ijaraga beradi.

Shartnomada “Taksi” MChJ uning nomidan IIB YHXB RIB avtoinspeksiyasi va davlat soliq inspeksiyasida vakil sifatida avtomashinani o‘z haydovchilariga boshqarish va foydalanish uchun ijaraga berish ko‘rsatilgan.

Shuningdek, “Taksi” MChJ avtomashinadan foydalanishi, ishchilar yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishi, avtomashinaning texnik xolatidan kelib chiqib “Taksi” MChJ avtomashinani doimiy ta’mirlab turishi, barcha soliq va boshqa to‘lovlarni muntazam to‘lab borishi, zarar yetkazilganda ijaraga beruvchiga yetkazilgan zararni to‘liq to‘lashi kabi masalalar belgilangan.

Muhimi, ijarachi avtomashinani ijara haqi uchun ijaraga beruvchi har oy 220 ming so‘m to‘lashi ko‘rsatilgan. Biroq uch yil davomida ijaraga bergan avtomashinasi uchun Doniyor bir so‘m ham ololmaydi.

Toqati toq bo‘lgan Doniyor fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da’vo ariza bilan murojaat qildi.

Sud amaldagi qonun talablariga ko‘ra, ijaraga oluvchi mol-mulkdan foydalanganlik uchun ijara haqini o‘z vaqtida to‘lab turishi shartligi, “Taksi” MChJ tomonidan ijaraga olingan avtomashina uchun yo‘lovchi tashish uchun litsenziya olinganligini inobatga oldi.

Shunga ko‘ra, “Taksi” MChJga Doniyorning foydasiga 7 million 920 ming so‘m ijara puli, sudga murojaat etganida to‘lagan 405 ming 460 so‘m davlat boji va 14 ming 200 so‘m pochta xarajati undirilishini belgiladi.

Xusen AKOBIROV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudining katta mutaxassisi.