Talabaning bilim saviyasi o‘qituvchi faoliyatini baholash mezoni bo‘lishi kerak

Xalqaro press klub tomonidan iyun oyi davomida yurtimiz hududlarida, 26 iyun kuni poytaxtimizda oliy ta’lim sifatini oshirish, tizimdagi muammolarga bag‘ishlangan bir qator ko‘rsatuvlar tayyorlandi.

Ushbu tadbirlarda oliy o‘quv yurtlari rektorlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar va ota-onalar o‘z fikrlarini bildirdi. Yakuniy sessiyada esa Prezident maslahatchisi, Bosh vazir o‘rinbosari, vazirlar va boshqa mas’ullar ishtirokida masala muhokama etildi.

Mazkur sessiya chog‘ida Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodov bildirgan fikrlar e’tiborimni tortdi.

Rektor qayd etganidek, talabani mustaqil bilim olishga undaydigan mexanizm yaratilishi kerak. Bu degani imtihon tizimi mustaqil, adolatli va shaffof bo‘lishi lozim. O‘qituvchi berayotgan vazifa va topshiriqlar bilan talaba kutubxonaga, internetga murojaat qilishi, bilim izlaydigan darajaga kelishi kerak, ya’ni talabani faollashtirish zarur.

Oliy ta’lim tizimida malakali mutaxasis tayyorlashning eng muhim tamoyillaridan biri, albatta, talaba o‘z ustida mustaqil ishlashi hisoblanadi. Agar talaba o‘z ustida mustaqil ishlamasa yetarlicha bilimni egallay olmaydi. Bilimsiz talaba o‘z navbatida o‘qituvchidan talab qilmaydi, bu holat esa o‘qituvchini o‘z ustida ishlamasligiga sabab bo‘lmoqda.

Bugun oliy ta’lim tizimida to‘planib qolgan muammolar ko‘p yillar davomida, yanayam aniqroq aytsak, o‘tgan asrning 80-yillaridan boshlangan. O‘z ustida ishlamaydigan, yangi bilimlar bera olmaydigan o‘qituvchilar qatlami paydo bo‘lganligi, ayni haqiqat, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Amerika, Yevropa davlatlarining nufuzli oliy ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholash tizimi ular bilan mehnat shartnomasini bekor qilinishi mumkin bo‘lgan jarayonga asoslangan. Masalan, 2019 yil 17-22 iyun kunlari O‘zbekistonda ilmiy safarda bo‘lgan, AQSh Michigan universiteti Yevropa, Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari Markazi direktori professori Norman Graxam Amerika oliy ta’lim tizimi haqida, shuningdek, professor-o‘qituvchilarning o‘quv va ilmiy faoliyatlari, dars berish mahoratlari va talabalarning darsni o‘zlashtirish samaradorligiga ta’sir qiladigan omillar to‘g‘risida gapirib, talabaning o‘zlashtirish darajasi, o‘qituvchi faoliyatini baholash mezoni bo‘lishi, eng muhim ko‘rsatkich ekanligini ta’kidladi. Bizda ham ana shunday tizimni joriy etish kerak.

Talabaning o‘zlashtirish darajasi o‘qituvchi faoliyatini baholash mezoni bo‘lmas ekan, biz oliy ta’lim sifatini oshirishga erishishimiz qiyin bo‘ladi.   - Bu masalada, shartnoma tizimini joriy etish kerak, - deb taklif bildirdi R.Xolmurodov. – O‘qituvchini bir yilga ishga olamanmi, uch yilgami, u bilishi lozim – yil yakuni bo‘yicha yoki uch yildan so‘ng faoliyati sarhisob qilinadi va talabga javob bermasa, ishdan bo‘shatiladi. Ana shunda o‘qituvchida talabaning bilim olishidan manfaatdorligini his qilish ko‘nikmasi shakllanadi.

Bilimsiz, o‘z ustida ishlamaydigan, talabani adolatli baholamaydigan o‘qituvchi bilan shartnomani bekor qilish tizimi, yaxshi natija berishini dunyo tajribasi isbotlab turibdi.