Ta’lim krediti qancha muddatga beriladi, unga qanday hujjatlar kerak?
Bugun AOKA huzuridagi shtabda Markaziy bank axborot xizmati rahbari Akmal Nazarov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda aholidan tushgan ayrim savollarga javob qaytarildi:
“Oilamizdan ikki kishi o‘qishga topshirganmiz. Agar shartnoma asosida o‘qishga kirsak, to‘lash uchun ta’lim krediti olishimizga to‘g‘ri keladi. Ta’lim krediti olishning tartibi haqida ma’lumot bersangiz”.
- Ta’lim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi bo‘limlariga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan talabalarning o‘qishi uchun ularning o‘ziga, ota-onalariga yoki vasiylariga berilishi mumkin.
Ta’lim kreditlari, oliy ta’lim muassasalarida o‘qish davri hisobga olingan holda, bakalavriatga qabul qilingan talabalarga — 10 yilgacha, magistratura bosqichi talabalariga — 5 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.
Hozirgi karantin davrida ta’lim krediti ajratish xizmatini masofaviy ravishda ko‘rsatilishi tijorat banklari tomonidan mustaqil belgilanadi.
Ta’lim kreditini olish uchun qarz oluvchi bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) ta’lim krediti berish to‘g‘risidagi ariza;
b) talaba va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma. Ushbu shartnomada o‘qishning belgilangan muddati va bir yil uchun to‘lov miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
g) kreditni qaytarishning ta’minlanishi to‘g‘risida hujjat;
d) imtiyozli ta’lim kreditlari olish huquqiga ega bo‘lgan chin yetimlar, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari, kam ta’minlangan oila farzandlari tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar.
Kredit qaytmasligi xavfining oldini olish maqsadida qarz oluvchi quyidagi ta’minlash shakllaridan birini bankka taqdim etishi lozim:
mol-mulk yoki qimmatli qog‘ozlarni garovga qo‘yish;
uchinchi shaxs kafilligi;
sug‘urta kompaniyasining qarz oluvchi kreditni qaytara olmasligi xavfi sug‘urta qilinganligi to‘g‘risidagi sug‘urta polisi;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kafilligi (bu hujjat faqat chin yetimlar va “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari va kam ta’minlangan oilalardan chiqqanlar uchun so‘raladi).
Ta’lim kreditini olish tartibi to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 26 iyuldagi 318-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari berish to‘g‘risidagi nizom”da va tijorat banklarining rasmiy veb-saytlarida keltirilgan.