Ta’lim tizimidagi korrupsiya – bu saraton...
Korrupsiyaga bog‘liq bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlar, muammolar u yoki bu darajada dunyoning barcha mamlakatlarida mavjud. Bu illat bilan ziddiyatli, ko‘p kuch va mablag‘ talab etadigan kurashni tashkil etishdan ko‘ra, uning oldini olish, ya’ni profilaktika ishlari muhimroq va samaraliroq. Mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiyot hayot qay darajada korrupsiyalashgani va bu davlatchilikka zarar yetkazib, mamlakatning ravnaqiga to‘siq bo‘layotganini doimo yodda tutish kerak.
Ta’lim sohasidagi korrupsion vaziyatlarga kelsak, birinchidan, tizimda salbiy ko‘rinishlar tezda ko‘zga tashlanmasligi mumkin. Ammo u yaqin va uzoq kelajakda millatning intellektual salohiyatini pasaytirib hamda yoshlarning ruhiyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir o‘tkazishi sababli jamiyatga juda qimmatga tushadi.
Ba’zan mansabdor shaxslar ziyolilikni olimlik bilan adashtiradi va tizimli xatolarga yo‘l qo‘yishadi. Masalan, OTMlarining reytingini tuzishda ilmiy mezonlarga ko‘proq joy ajratiladi yoki nashriy faollikka formal baho berishga yo‘l qo‘yiladi.
Zamonaviy O‘zbekistonning rivojlanish darajasi hamda demokratik jamiyat shakllanishi uchun javobgarlik ishonib topshirilgan, o‘sib kelayotgan avlodning tarbiyasiga qiziquvchi, xalq xo‘jaligi sohalarini raqobatbardosh kadrlar bilan ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatuvchi barcha kasbdoshlarga murojaat qilib aytmoqchimanki, jasorat ko‘rsatib, majburiyatlarga vijdonan yondashish kerak. Prezident hamda Hukumat topshiriqlarini vijdonan bajarib, qabul qilingan qarorlar uchun javobgarlikni zimmangizga oling!
Qaysidir sohada jinoyatchilik sodir etilsa, dunyo tajribasida bu sohaning eng yuqori rahbariyati iste’foga chiqariladi. Jamoatchilik xabardor etilib, vaziyat nazoratga olinadi va tartib saqlanadi. Agar biz rivojlangan, demokratik va ochiq jamiyat bo‘lishni xohlasak, zamonaviy axloq qoidalarini o‘rganishimiz lozim.
Bosh prokuror tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishning dolzarbligi shundaki, prokuratura nafaqat ta’lim sohasidagi kamchiliklar va jinoyatlarni topib, tekshirib jazolaydi, balki ularning oldini oladi ham. Menimcha, jinoiy ishlarning oldini olishga yo‘naltirilgan profilaktik choralarni kuchaytirish zarur. Masalan, jinoiy harakatlar epizodlarini aniqlash, ko‘rsatish va jazolarni o‘tash masalalari tahlil qilinishi, salbiy holatlarning qonuniy bahosi ochiqlanishi ham kerak.
Ko‘p yillar mobaynida korrupsion tizimlarning turli ko‘rinishlariga e’tibor berilmay kelindi. Bu esa o‘z o‘rnida ta’lim tizimi xizmatchilariga istagan noqonuniy ishlarni qilishga imkon yaratdi. Ayrim kishilar tomonidan halol va haqqoniy mehnat qilishga bo‘lgan talab jiddiy qabul qilinmayapti. Ular Prezidentimiz tomonidan maqsad qilingan zamonaviy jamiyat rivojining oshkora va qonuniyligi rad etishmoqda. Bundaylar bilan boshqacha ishlashga to‘g‘ri keladi. Toki, ularning yangilanishlarni tushunib olishlari uchun.
Jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun qonun doirasida korrupsiyaning oldini olish choralarini ko‘rish lozim.
Buning uchun,
- korrupsiyani tubdan yo‘qotish;
- poraxo‘rlikdan voz kechish;
- o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi yashirin pul yig‘ishlarning har qanday shakllaridan uzoqlashish;
- OTM talablarini bajarish va ta’lim sifatini oshirishni reyting va hisobot uchungina bajarmaslik ;
- o‘qituvchilarning ta’lim berishi har qanday turlarga (ma’ruza, seminar, amaliy mashg‘ulotlar va boshqalar) o‘tish talablariga mos kelishi;
- tayyorgarlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy adabiyotlar bilan to‘liq ta’minlanishi;
- ba’zi bir talabalarning o‘qituvchilarni noqonuniy ishlarga undashiga qarshi yo‘nalishlar bo‘yicha profilaktika o‘tkazish;
- OTM moddiy-texnik bazasini yangilash (masalan, SamVMIda yo‘l xaritasi bo‘yicha Prezident farmoni bo‘lishiga qaramasdan uning bajarilishi raqobatbordosh kadrlar tayyorlashda zamonaviy moddiy-texnik bazani moliyalashtirish kamligi tufayli oqsayapti);
- ta’lim sohasida tekshiruvchilar ko‘p (ba’zida tekshiruvchilarning o‘zlari turli salbiy vaziyatlar ishtirokchisiga aylanib qolayotgani).
Ta’kidlab o‘tish joizki, zamonaviy O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi ta’lim va ilm sohasidagi jarayonlar bilan bevosita bog‘liq. Shuning uchun hukumatning barcha jabhalari kuchlarini birlashtirish lozim. Jumladan, prokuratura, IIV, Milliy gvardiya va boshqalar ta’lim tizimidagi korrupsiyani va boshqa salbiy holatlarning oldini olish va yo‘qotish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlik qilishlari kerak.
Bu muammoni yechmay turib, na iqtisodda, na ijtimoiy rivojlantirishda hech qanday natijalarga erishish mumkin emas.
Xudaynazar YuNUSOV,
biologiya fanlari doktori, professor, SamVMI rektori.