Ta’limga munosabat o‘zgardi, endi o‘qituvchining saboq berish uslubi ham o‘zgarishi kerak

“Shaxsan men o‘qituvchi deganda – zamon bilan hamqadam bo‘lgan jonkuyar, ziyoli shaxsni, maktab deganda – bilim va ma’rifat yog‘dusi taralib turadigan, Uchinchi Renessans poydevori qo‘yiladigan tabarruk maskanni ko‘z oldimga keltiraman”.

Davlatimiz rahbarining o‘qituvchi va murabbiylarga yo‘llagan tabrigidagi ushbu so‘zlarni eshitib, avvalo, qalbimda faxr tuyish bilan birga ulkan mas’uliyatni his qildim. Sababi Prezidentimiz o‘qituvchining darajasi va maqomini ulug‘lash bilan birga maktabning bugun barchamiz uchun buyuk maqsad bo‘lgan Uchinchi Renessans poydevori qo‘yiladigan qutlug‘ maskan ekanligini eslatgan.

Aslida, bu g‘oya keyingi yillarda yurtimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosini tashkil etadi. Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida barcha sohalarda o‘zgarishlar, yangiliklar kuzatilmoqda. Lekin bu borada ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ko‘lami boshqa tarmoqlarga nisbatan juda keng va katta, nazarimda. Bu islohotlar jarayonida ta’limning eng quyi tizimi – maktabgacha ta’limdan, eng yuqorisi – oliy va akademik ta’limgacha, muassasalarning moddiy-texnika bazasidan soha xodimlarining maqomigacha e’tibor qaratilmoqda. Pirovard maqsad yagona – ta’lim sifatini oshirish, har tomonlama barkamol, zamonaviy ilmlardan xabardor yoshlarni tarbiyalash, yangi Beruniylar, Ibn Sinolar, Zamaxshariylar, Xorazmiylar avlodini yaratish.

Bizning jamoamiz ham ana shu maqsadni teran anglagan holda, zimmamizdagi mas’uliyatni his qilib faoliyat olib boryapmiz. Ayni paytda maktabimizda 790 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ularga 47 nafar pedagog xodim saboq beradi. O‘qituvchilarimizning 4 nafari oliy, 9 nafari birinchi va 19 nafari ikkinchi toifaga ega. Nima uchun buni aytyapman? Sababi, yaqin yillargacha o‘qituvchilarning toifasi bor-yo‘qligi ko‘p e’tiborga olinmas, pedagoglarning o‘zi ham bundan manfaatdor emasdi. Keyingi islohotlar natijasida toifali o‘qituvchilarga ustama to‘lanishi, rag‘batlantirib borilishi bu tizimga munosabatni o‘zgartirdi. To‘g‘ri-da, toifa olish uchun o‘qituvchi izlanadi, o‘z ustida ishlaydi, eskicha qarashlar bilan qotib qolmaydi, kerak bo‘lsa, har kuni nimadir yangilik o‘rganishga va uni o‘quvchilarga yetkazishga intiladi. Bundan kim yutadi – avvalo, o‘quvchi, u malakali o‘qituvchidan saboq olib, bilimlarini boyitadi.

Ta’limga shunday munosabat tufayli o‘quvchilarimiz orasida fan olimpiadalari g‘oliblari, xorijiy tillarni bilish darajasi bo‘yicha sertifikatga ega o‘quvchilar, maktabni bitirmay turib, chet davlatlardagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirayotgan yoshlar ko‘paymoqda. Birgina o‘tgan o‘quv yilida 42 nafar bitiruvchimizdan 3 nafari maktabni oltin medal bilan bitirdi, 4 nafari muddatdan oldin nufuzli oliygohlar talabasi bo‘ldi. Oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan 29 nafar bitiruvchimizning 21 nafari universitet va institutlar talabasi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining tabrigida Yangi O‘zbekistonning maktab bitiruvchisi zamonaviy ko‘nikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs bo‘lib shakllanishi zarurligi asosiy maqsadimiz bo‘lishi ta’kidlangan.

Bizning jamoamiz ham yaratib berilgan imkoniyatlardan foydalangan holda ushbu maqsad yo‘lida astoydil mehnat qilishga bel bog‘lagan.

Nigora Suyarova,

Samarqand shahridagi 8-umumta’lim maktabi direktori.