Masalaga aloqasi bo‘lmagan jarayonlarni ommaga e’lon qilish bilan ta’lim sifatini oshirib bo‘lmaydi

Joriy yil 4 martda “Talaba.uz” telegram kanalida “O‘qishni qo‘shni davlatdan perevod qilayotgan talabalarning ota-onalari Samarqand davlat universitetida sarsonlikda...” mazmunida videolavha tarqatildi.

Mazkur videolavha yuzasidan Samarqand davlat universiteti rektorati va tegishli mutasaddilar quyidagilarni ma’lum qiladiki, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 6 fevraldagi “Qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalaridan talabalar o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalarni qabul qilish to‘g‘risida”gi 92-buyrug‘i bilan Samarqand davlat chet tillar institutida ishchi guruh tashkil etilgan. O‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalardan hujjatlar shu yil 7 fevraldan boshlab, har kuni qabul qilinmoqda.

Ishchi guruh tomonidan arizalarni qabul qilish jarayonida talabalar bilan suhbat qilinmoqda. Suhbatda talabalarning haqiqatdan qo‘shni davlatning oliy ta’lim muassasalarida o‘qiganligi, borib-kelganligi (yashaganligi), hujjatlarning soxta emasligi va pasportdagi chegara belgilari ko‘zdan kechirilmoqda.

Chunki Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2020 yil 3 martdagi “Qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarning o‘qishini respublika oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirishga oid tashkiliy masalalar to‘g‘risida”gi 156-buyrug‘ida quyidagilar bayon etilgan:

- qo‘shni davlatlarning oliy ta’lim muassasalarida kamida bir semestr mobaynida o‘qishini davom ettirmasdan, boshqa davlatlarning (xususan, Rossiya Federatsiyasi va qo‘shni davlatlar) oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini o‘quv yilining yarmida ko‘chirib o‘tgan talabalarning o‘qishi respublika oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirilmasligi;

- qo‘shni davlatlarning oliy ta’lim muassasalarida masofaviy ta’lim shakli bo‘yicha va onlayn tarzda tahsil olayotgan talabalarning o‘qishini ko‘chirishga ruxsat berilmasligi;

- fuqarolarning qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida kamida oxirgi bir semestrda o‘qishi respublika oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirilayotgan ta’lim yo‘nalishiga mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishda to‘liq o‘qigan bo‘lishi shartligi;

- qo‘shni davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalariga yoki ularning filiallarida o‘qiganlarning o‘qishini ko‘chirishiga ruxsat etilmasligi belgilangan.

Samarqand davlat universiteti prorektori Ahmadjon Soleyev qabuliga  shu yil 4 mart kuni soat 11.00 lar atrofida qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan, lekin hujjatlarida kamchiliklar mavjud bo‘lgan fuqarolar murojaat qilishgan. Vazirlikning yuqoridagi buyrug‘idagi shartlar prorektor tomonidan tushuntirilgan. Ammo ular prorektor qabulxonasiga to‘planib, prorektorning eshikdan chiqishini poylab, avvaldan rejalashtirgan holda, jarayonni qo‘l telefoni kamerasiga tushirish asosida vaziyatni izdan chiqarishga harakat qilishgan. Ularga prorektorning qabul kunlari haqida tushuntirish berilgan.

Fuqarolarga prorektor qabulxonasidagi universitet xodimlari tomonidan Samarqand davlat chet tillar institutidagi ishchi guruhga murojaat qilishlari, ular tomonidan hujjatlar ko‘rib chiqilishi va suhbat o‘tkazilishi bo‘yicha ma’lumotlar berilsa-da, ular tomonidan shovqin ko‘tarilib, noo‘rin gaplar aytilgan...

O‘sha kungi murojaat qilganlardan Dilorom Mamatova 5 mart kuni rektoratga kelib, ushbu voqeaga munosabat bildirdi.

Jarayon videolavhasini tarmoqqa joylashtirishdan oldin murojaatchilarning shaxsiyatiga teguvchi qo‘pol so‘zlarini tasvirga olish orqali parchalarni uyg‘unlikda qayta to‘plab (montaj qilib), tarmoqqa joylashtirgan “Talaba.uz” telegram kanali vaziyatga bir tomonlama baho berish bilan oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar jarayonida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotganligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchimiz.

SamDU matbuot xizmati.