Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi kimlarga litsenziya beradi?
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyat ko‘rsatayotganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Shuning uchun ham ko‘pchilik uning vazifalari nimalardan iborat ekanini bilmaydi. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat BOBOXOLOV bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.
- Respublikamizda ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi o‘z faoliyatini boshlaganiga 3 yil bo‘ldi. 2017 yil 18 iyulda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga asosan, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi uzluksiz ta’lim sifatini yuqori bosqichga ko‘tarish, ta’lim sifati va o‘quv jarayonlari samaradorligining xolisona baholanishini nazorat qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirib kelmoqda.
Davlat inspeksiyasi tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda hududiy bo‘limlar tashkil etilgan. Jumladan, Samarqand viloyatida ham hududiy bo‘lim faoliyat ko‘rsatmoqda.
Hududiy bo‘lim ta’lim inspeksiyasining ishchi organi sifatida ta’lim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish, ta’lim muassasalari reytingini aniqlash, nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash kabi jarayonlarda ishtirok etadi.
- Demak, nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash ham ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga yuklatilgan?
- Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish, davlat - xususiy sheriklik asosida tashkil etilayotgan ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, mazkur faoliyatni tartibga soluvchi normativ huquqiy hujjatlarni takomillashtirish hamda nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibini soddalashtirish orqali litsenziya da’vogarlariga qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 martdagi “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror asosida nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni tashkil etish uchun yuridik shaxslarga litsenziya berish, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish, shuningdek, uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga ta’limning har bir turi uchun alohida litsenziya beriladi. Litsenziyada faoliyatning litsenziyalanayotgan turi, ta’lim faoliyati yo‘nalishlari ro‘yxati aniq ko‘rsatiladi.
- Ushbu litsenziyaning amal qilish muddati qancha?
- Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanish huquqini beradigan barcha litsenziyalarning amal qilish muddati cheklanmagan. Bunda litsenziya olish uchun ariza elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga yuboriladi. Litsenziya berish to‘g‘risidagi arizada yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan joyi, pochta manzili, ta’lim faoliyatini amalga oshirish joyining manzili, bank muassasasining nomi va bankdagi hisob raqami, faoliyatning litsenziyalanayotgan turi, ta’lim faoliyati yo‘nalishlari ro‘yxati ko‘rsatiladi.
Shuningdek, yong‘in va sanitariya-epidemiologiya nazorati organlarining mavjud binolar va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosalari, pedagog kadrlar haqida ma’lumot, o‘quv rejasi va dasturlarining elektron nusxalari, ariza ko‘rib chiqilganligi uchun litsenziya da’vogari tomonidan yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi yuboriladi.
Litsenziya oluvchi arizani davlat xizmatlari markazlari yoki yagona interaktiv Davlat xizmatlari portali orqali topshirishi mumkin.
- Unda biron fan o‘qituvchisi yakka tartibda repetitorlik qilishi uchun ham lizensiya olishi kerakmi?
- Masalan, matematika fani o‘qituvchisi uyida bolalarni oliy ta’lim muassasasiga tayyorlashi uchun yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ruxsatnoma olishining o‘zi yetarli. Agar o‘qituvchi boshqa fan o‘qituvchilarini ham repititorlikka jalb etsa, unda o‘quv markaz sifatida litsenziya olishi kerak bo‘ladi. Yakka tartibda ta’lim berishning ham o‘ziga yarasha qonun-qoidalari bor.
Afsuski, ayrimlar bolalarga xorijiy tillarni o‘rgataman, deb ularning ongini boshqa yot g‘oyalar bilan zaharlashga urinayotgan holatlar ham uchramoqda. Mana shunday noqonuniy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik ham litsenziya berish talablaridan biridir. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, ta’lim tizimi boshqaruvi va vakolatli organlar litsenziya shartlari va talablariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat qiladi.
Agar litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligidan dalolat beruvchi hollar mavjud bo‘lgan taqdirda, litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiradi.
- Litsenziyasiz faoliyat olib borishga qonunda qanday javobgarlik belgilangan?
- Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 165-moddasida faoliyat bilan litsenziyasiz va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz shug‘ullanish fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi, deb belgilangan.
Faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Hozirgi kunda viloyatimizda 16 ta nodavlat maktabi, 138 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 38 ta kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash nodavlat ta’lim muassasasi va 19 ta maktabdan tashqari ta’lim muassasasi litsenziya olib, ta’lim xizmatlari ko‘rsatib kelmoqda.
Xurshida ERNAZAROVA suhbatlashdi.