Tanzila Norboyeva Yaponiya imperatorining taxtga o‘tirish tadbirlarida ishtirok etmoqda
Yaponiya hukumati taklifiga binoan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Yaponiyaning yangi imperatori Naruxitoning taxtga o‘tirishi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tantanali tadbirda ishtirok etmoqda. Bu haqda yuqori palata rasmiy veb-saytida ma’lum qilindi.
Bugun imperator Naruxito rasman taxtga o‘tirdi. Taxtga o‘tirish marosimi Tokioda o‘tkazildi.
Tantanali tadbir imperatorning muhtasham saroyida bo‘lib o‘tdi. Unda qariyb 2 ming nafar mehmon, shu jumladan, 180 ta mamlakatning davlat rahbarlari va vakillaridan iborat 400 kishi, shuningdek, Yaponiya Bosh vaziri, mamlakat parlamenti palatalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yangi imperator taxtga o‘tirishi bilan Yaponiyada yangi “Reyva” – go‘zal uyg‘unlik erasi boshlandi. Yaponiyada imperator mamlakat va xalq jipsligi ramzi hisoblanadi, uning maqomi esa xalq xohish-irodasi bilan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi davom etmoqda.