Taqdir charxpalagi

Hayotda aqlbovar qilmaydigan o‘xshashliklar uchraydi. Misol uchun, go‘dakligida qandaydir sabablarga ko‘ra, ajralib ketgan egizaklar keyinchalik ulg‘aygach, o‘zlariga bir xil ismli rafiqa tanlagan, farzandlariga bir xil ism qo‘ygan hollar mavjud. Ammo egizaklar o‘rtasida qanday sirli aloqa borligini fan tushuntirib berishga ojiz.

Kopernik va Galiley

Hozirgi zamon astronomiyasi tamal toshini qo‘yganlardan ikki atoqli olim tarjimai hollarida o‘xshashlik o‘ziga xos – 90 va 99 yil vaqt oralig‘iga to‘g‘ri keladi.

Nikolay Kopernik 1473 yil 19 fevralda, Galileo Galiley esa 90 yil keyin - 1564 yil 15 fevralda tug‘ilgan. Xuddi shunday 90 yil farq bilan ular universitetlarga o‘qishga kirishadi, uch yildan o‘qishadi va tahsilini boshqa ta’lim dargohlarida tugatishadi. Kopernik shu maqsadda ancha keyinroq Paduan universitetiga o‘qishga kiradi, 90 yildan keyin esa o‘sha dargohda Galiley o‘z o‘qituvchilik faoliyatini boshlaydi. Biroq, shu bilan taqdiridagi o‘xshashlik tugamaydi.

1533 yilda Kopernik olamni Quyosh atrofida qurilgani g‘oyasini e’lon qiladi, Rim papasi Kliment VII ni bu ixtiro bilan tanishtiradi. Buni qarangki, 99 yildan keyin Rim papasi Urban VIII Galileyning Kopernikning olam tuzilishiga bag‘ishlangan kitobini o‘qiydi.

1543 yilda Kopernik vafot etadi, Galiley esa undan 90 yil o‘tib olamdan o‘tadi. Yana bir hayrotomuz o‘xshashlik kishini ajablantiradi. Galiley o‘limidan ilgariroq, 1633 yil yilda sudda o‘zining cherkovga zid “shakkoklik“ qarashlaridan voz kechadi. Kopernik Galileydan 90 yildan oldin o‘z g‘oyalaridan voz kechadi.

Yana bir taqdir o‘xshashligini qarang, Kopernik Italiya bo‘ylab darbadarliklardan keyin 1511 yilda Polshaning Frombork shaharchasiga doimiy yashash uchun ko‘chib keladi, 99 yildan keyin esa Galiley Florensiya yaqinidagi Archetri qo‘rg‘oniga - o‘zining so‘nggi manziliga ko‘chib keladi.

Ushbu o‘xshashliklar bilan tanishar ekansiz, odamlar taqdirida qandaydir ilohiylik mavjudligiga ishongingiz keladi.

Napoleon va Gitler

Darhaqiqat, aniq shaxslar tarjimai hollarida bunday o‘xshashliklar bor. Jumladan, 129 yil oraliqdagi bir qator o‘xshashliklar kishini o‘ziga jalb etadi. Gap Napoleon Bonapart va Adolf Gitler haqida bormoqda.

1785 yilda Napoleon fransuz armiyasida o‘z harbiy faoliyatini boshlaydi, 1914 yilda esa - oradan 129 yil o‘tgach, Gitler Bavariya piyodalar armiyasiga qabul qilinadi.

Yana bir qiziq dalil. Napoleon 1804 yilda o‘zini fransuzlar imperatori deb e’lon qiladi. 129 yildan keyin esa Gitler Germaniya reyxskansleri bo‘ladi. Ikkalasi ham xuddi shunday oraliqda - Napoleon 1809 yilda, Gitler 1938 yilda Avstriyani egallaydi. Hayratli tomoni, Napoleon 1812 yilda, Gitler 1941 yilda Rossiyaga hujum qiladi. Oxir-oqibat 129 yil farq bilan har ikkalasi qaqshatqich zarbaga uchraydi va qayta o‘zlarini o‘nglab olisha olmaydi. Napoleon 1814 yilda, Gitler 1943 yilda tor-mor etiladi.

Bunday o‘xshashliklarni AQSh prezidentlari Avraam Linkoln va Jon Kennedi taqdirlarida ham ko‘rish mumkin. Sharq taqvimiga ko‘ra, har ikkalasi ham Ilon yilida dunyoga keladi: Linkoln - 1809 yilda, Kennedi esa 1917 yilda. Bular taniqli kishilar taqdirlaridagi o‘xshashlik. Oddiy odamlar orasida o‘xshash taqdirdoshlar qancha ekan? Hozircha bu jumboqqa na bashoratchilar, na ilm-fan tomonidan javob topilgani yo‘q.

T.Shomurodov tayyorladi.