“Taraqqiyot maktab ostonasidan boshlanadi...” Shuning uchun o‘qituvchini zamonga moslashtirish zarur
Uchinchi Renessansning poydevori maktabdan boshlanishi kerak, degandi yaqinda Prezidentimiz. Bu fikr o‘z-o‘zidan kishilarning dunyoqarashini o‘zgartirish vaqti kelgani, ta’limdagi islohotlarni aynan maktab ostonasidan boshlash lozimligini anglatadi. Maktab ta’limini biroz boshqacharoq usullar bilan jonlantirish, zamonaga moslashishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Nega biz hayotda qiynalyapmiz? Bilimsizligimiz, zamonaviy bilimlarni egallashdan ortda qolganimiz, bor diqqat-e’tiborimizni mayda-chuyda maishiy muammolarga qaratganimiz uchun.
Hayot maktabida bugun odamlarimiz yashashga moslashgan bo‘lishi kerak. Boshi tirikchilik tashvishidan chiqmaydigan oilalarda Beruniy, ibn Sino, al-Xorazmiylar yana tug‘ilishi mumkindir, ammo ularning iqtidorini ko‘ra olmasak, ularni tarbiya qilmasak, hayotimizda bundan keyin ham hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Bularning barchasi, avvalo, maktab ta’limiga bog‘liq.
1990 yillarning boshida Rossiyada shunday vaziyat bo‘lgandi
Siyosiy tizim o‘zgargan, katta mamlakat parchalangan, maktablarning saviyasi butunlay tushib ketgan davrlar. O‘shanda oliy ta’lim muassasalariga shunday topshiriq berildi: ularning har biri o‘z ichki imkoniyatidan foydalanib maktablar bilan hamkorlik qilishi lozim. Har bir institut yoki universitet qaysi yo‘nalishlarda rivojlanayotgan bo‘lsa, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tumanlarda maktablar tashkil qilishi yoki maktablar bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kerak edi. Shu yo‘sinda maktablarda fanlar assotsiatsiyalari tashkil etila boshlandi.
Moskva viloyatida bir yarim mingga yaqin maktab bo‘lsa, unda o‘qitiladigan 18 ta fan bo‘yicha asssotsiatsiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Institutlar, universitetlar professor-o‘qituvchilari maktab o‘qituvchilari uchun master-klasslar tashkil etib, yaxshi tashabbuslar ommalashtirilar, maktablar orasida yaxshi ma’nodagi raqobat muhiti shakllandi. Fanlarni o‘zlashtirish, muvaffaqiyatlar borasida musobaqalashish boshlandi. Bu tashabbus 3-4 yildayoq o‘z samarasini berdi. Maktab o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘la boshladi, oliy ma’lumot olishga intiluvchilar ko‘paydi.
Ayni paytda Rossiya xalq ta’lim sohasi bo‘yicha dunyodagi kuchli o‘ntalik mamlakatlari safida. O‘sha paytda ular maktab ta’limi borasida eng ilg‘or mamlakatlar tajribasini o‘rgangandi. Bular Singapur va Finlandiya xalq ta’limi sohasidir. Qizig‘i, ular rossiyaliklarga ma’lum bo‘lgan an’anaviy usullarni o‘zlariga moslashtirib olgan ekan.
Har bir yangilik ba’zida unutilgan eskilik bo‘lishi mumkin
Biz albatta, bu tajribani aynan o‘zlashtirmaymiz. Mamlakatimiz ta’lim tizimining hech qaysi mamlakatnikiga mutlaqo o‘xshamaydigan o‘ziga xosligi, muammolari va yutuqlari bor. Jahon tajribasida ko‘p bor muvaffaqiyat keltirgan bu usulning o‘zbek modelini yaratishimiz lozim. Bunda barcha o‘ziga xosliklar e’tiborga olingan va tizim ishlab chiqilgan.
Prezidentimizning 2020 yil 6 noyabrdagi “Ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi ko‘p jihatdan oliy ta’lim muassasalari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu o‘rinda eng asosiy urg‘u, albatta, pedagogika va psixologiya yo‘nalishlaridagi mutaxassislar tayyorlaydigan institutlar va universitetlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Chunki ular maktab tizimiga eng yaqin mutaxassislardir. Misol uchun, texnika universiteti mutaxassisi pedagog bo‘lmasdan turib, maktab ta’limida ishtirok etolmasligi, aniqrog‘i, 45 minutlik darsni qanday tashkil etishni bilmasligi mumkin. U yaxshi mutaxassis, o‘z sohasining bilimdonidir, lekin pedagogmas. Maktabdagi darslarda u aytgan yuksak bilimlarni o‘quvchilarning ongi qabul qilishga qodir emasligini u tushunolmaydi. Ishni dastlabki bosqichdan boshlash kerakligini bilmaydi. Demak, aytish mumkinki, pedagogika, psixologiyadan xabardor bo‘lmagan kishilar uchun ishni tashkil qilish juda qiyin va murakkab.
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti 150 ta maktab bilan hamkorlik qilyapti
Bir oy davomida viloyatning o‘nlab maktablari bilan yaqindan tanishdik. Past Darg‘om, Paxtachi, Narpay va Samarqand tumanlari maktablarida bo‘lganimizda bir narsaga amin bo‘ldikki,
ular turli hududlarda joylashgan bo‘lishiga qaramasdan, muammolari va tashvishlari bir xil.
Ular orasida namunali maktablar ham bor – bitiruvchilari OTMlarga kirgan, o‘quvchilari olimpiadalar g‘olibligini qo‘lga kiritgan, turli tanlovlarda muvaffaqiyat qozongan va hokazo. Shu bilan birga, yillar davomida birorta bitiruvchisi o‘qishga kirolmagan, hujjat ishlari mutlaqo yuritilmaydigan maktablar ham borligini ko‘rdik.
Institut qoshida bugun Fanlar uyushmasi tashkil etildi. Uyushmada maktablarda o‘qitiladigan jami 9 ta fan (ona tili va adabiyot, matematika, informatika, kimyo, biologiya, tarix, chet tili, fizika) o‘qituvchilari muntazam o‘qitilib boriladi. Seminar-treninglar, mahorat darslari, tajriba almashinuv va malaka oshirish mashg‘ulotlari tarzida tashkil etiladigan darslarda maktab o‘qituvchilariga yangi bilimlar o‘rgatiladi. Ular darslarda o‘z hamkasblari bilan tajriba almashadi, fikrlashadi. Seminar-treninglarda ishtirok etib, shu narsaga amin bo‘ldimki, o‘qituvchilar bu loyihaga katta umid bildirishmoqda. Loyihaning maqsadini tushuntirishga hojat qolmadi, ular birdan mohiyatni anglab oldi. Hatto kimyo va biologiya fanlaridan mutaxassis bo‘lganim uchun bir necha dars-mashg‘ulotlarini shaxsan o‘zim o‘tib berishimni iltimos ham qilishdi. Albatta rozi bo‘ldim.
Aytaylik, har bir o‘qituvchining yaxshi ko‘rgan mavzusi bo‘ladi, u ana shu mavzuni maza qilib o‘quvchilariga o‘rgatadi. Ba’zi mavzularni esa yaxshi tushunmasligi, shuning uchun darsni yuzaki o‘tishi mumkin. Treninglarda u hamkasblari orasidan ana shu o‘zi tushunmaydigan mavzuni yaxshi biladigan hamkasbini uchratadi, undan o‘rganadi va tajribalar ommalashadi. Ularda sog‘lom raqobat muhiti shakllanadi.
Maktab o‘qituvchilarida bilim yetarli. Ana shu bilimni o‘quvchiga yetkaza bilishni, o‘quvchilarni darslarga qanday jalb qilishni, ularning orasidan kimning nimaga qobiliyati borligini aniqlab, ular bilan chuqurroq ishlashni o‘qituvchiga o‘rgata olsak, maqsadga ancha yaqinlashgan bo‘lardik.
Demak, ishlarni shunchaki qog‘ozda, “ura-ura”chilik asosida bajarish bilan ish bitmaydi. Maktab ta’limi borasida katta islohotlarni amalga oshirishga kirishdik. Yana bir narsani unutmaslik kerakki, oliy ta’limga yoshlar aynan maktab ostonasidan keladi. Bu esa bugungi hamkorligimiz albatta yaqin kelajakda o‘z mevasini berishiga umid qilish mumkin. Yana muhimrog‘i, ishlarimizni tizimli, muntazam, aniq qoidalar asosida, rejali olib borishimiz kerak.
Maktablarimizda zamonaviy bilimlarni o‘qitishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani ham achinarli hol. Bu maktab ma’muriyati bilan emas, yuqori doiralarda hal qilinishi lozim bo‘lgan muammodir. Lekin o‘qituvchi internetsiz, kompyutersiz darsga ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘rolmaydi. Darslarda bu vositalardan foydalanmasdan yaxshi natijalarni qo‘lga kiritish mushkul.
Maktab darsliklari eskirib qolgani ham muammo
Ularni yangilash uchun katta mablag‘ lozim. Bu davr mobaynida o‘qituvchilar elektron kutubxona imkoniyatlaridan foydalanishlari mumkin. Maktab internet tizimiga ulanmagan bo‘lsa, ular bu imkoniyatdan ham foydalana olmaydi. Kompyutersiz, internetsiz va boshqa zamonaviy aloqa vositalarisiz biz o‘quvchilarga chuqur bilim bera olmaymiz, yoshlarni qiziqtira olmaymiz. O‘quvchilar qo‘llaridagi oddiy smartfonlari bilan ham bugun ko‘p ishlarni amalga oshirishga qodir. O‘qituvchilar o‘z o‘quvchilaridan ortda qolishlari esa achinarli holat. Ayni kunda bu borada yana bir yaxshi ishga qo‘l urilayotgani, ya’ni o‘quvchilar uchun elektron kundalik, elektron sinf jurnallari joriy etilayotgani e’tiborli.
Xullas, yaxshi niyatlar bilan katta loyihaga qo‘l urdik. Maktabning, o‘qituvchilarning obro‘sini qaytarishimiz kerak. Maktablar ilgari tom ma’nodagi ziyo, ma’rifat maskani bo‘lgan. Dunyoning barcha muammolari, yangiliklari, avvalo, maktab miqyosida o‘qituvchilar tomonidan muhokama qilingan, ularning talqini xalqqa yetkazilgan, o‘qituvchilar esa jamiyatning eng ilg‘or qatlami, nufuzli, e’tiborli kishilari bo‘lishgan. Aslida ham shunday, bu kasb egalari hurmatga loyiq kishilardir. Ular o‘zlaridagi bor bilimlarini shogirdlariga berib, millatning kelajagini, kelgusi hayotini ta’minlaydilar.
Xudoynazar YuNUSOV,
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori.