Tarbiya oiladan boshlanadi yoxud “TikTok” deb o‘zligini unutayotgan yoshlar
Sho‘x, o‘yinqaroq, gap uqmas, bezori yoshlarni “hali bola-ku, katta bo‘lsa esi kiradi”, deb tarbiyasiga befarq qaraymiz. Keyinchalik bu loqaydlik o‘zimizga qimmatga tushadi va pushaymon bo‘lamiz. Aslida hech kim axloqsiz, bezori yoki jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi.
Bekorga bu mavzuda so‘z ochmadim. Keyingi paytda milliy-ma’naviy merosimizni, qadriyatlarimizni oyoq osti qilib, buyuk ajdodlarimizga hurmatsizlik ko‘rsatayotgan va xurmacha qiliqlari bilan qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yayotgan yoshlar ko‘payib bormoqda.
Xo‘sh, bunga sabab nima?
Ochig‘i, farzand tarbiyasining buzilishi haqida gap ketganda dastlabki masala oilaga borib taqaladi. Chunki boshlang‘inch tarbiya oilada beriladi. Bu davrda har bir ota-ona bolasiga o‘rnak bo‘lib, uni bilim olishga yo‘naltirgani maqsadga muvofiq. Ammo ayrim ota-onalar farzandini yoshligidan bilim olishga, hunar o‘rganishga yo‘naltirmasdan, zimmasiga pul topib kelish mas’uliyatini yuklaydi.
To‘g‘ri, farzand pul topib, oilasiga yordam bergani yaxshi. Lekin bola voyaga yetmasdan pul topishga qiziqib, Vatan, oila, maktab tushunchalarini unutsa, uning kelajagi nima bo‘ladi? Agar bolangiz uch-to‘rt so‘m pul ishlab, ko‘ngli tusagan ishni qilsa-yu, u bilan ishingiz bo‘lmasa, bebosh, e’tiborsiz, ko‘cha tarbiyasini olgan o‘smir (xoh qiz bola, xoh o‘g‘il bola bo‘lsin) bir qing‘irlikka qo‘l urmasligiga kim kafolat beradi? Masalan, yaqinda o‘zim tanigan bir oilaning farzandi 15 sutkaga qamaldi. Sababi, o‘zining behayo surat va videotasvirlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylagan va uni ommaga tarqatgan. Achinarlisi, ota-ona internetda farzandini ko‘rib, bu mening bolam emas, deb tan olmadi. Afsuski, oramizda farzandini tanimas darajaga kelib qolgan shunday ota-onalar ham yo‘q emas...
Darvoqe, ijtimoiy tarmoqdan foydalanayotgan yoshlar haqida gap ketganda, “TikTok”da “layk” yig‘sam mashhur bo‘laman, deb yurgan tarbiyasiz yoshlar ko‘z oldimizga keladi. (Darvoqe, yurtimizda bir necha ijtimoiy tarmoqlar qatorida "TikTok" vaqtincha bloklandi).
Masalan, poyezd tagiga yotib, o‘zini suratga olgan, Amir Temur, Alisher Navoiy yoki Motamsaro ona haykali oldida noo‘rin xatti-harakati bilan ajdodlarimizga hurmatsizlik qilgan yoshlarni ko‘rgandirsiz. Bugun bunday yoshlar soni ortib bormoqda. Chunki bu tarmoqqa joylangan surat va videolarning aksariyati mantiqsizlik va axloqsizlikka asoslangan. Tarmoq ayni shuning uchun ham 2 yil ichida 800 milliondan ortiq obunachi to‘pladi. Endi o‘ylab ko‘ring, bu hol 5, 10 boringki 15 yil davom etadigan bo‘lsa, yoshlarda qanaqa madaniyat shakllanadi?
Yoshlarning ta’lim-tarbiya olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan bir paytda, milliy o‘zligini unutgan, manqurt avlod yetishib chiqishiga nahot befarq qarab o‘tiramiz. Har bir ota-ona o‘z farzandining tarbiyasiga befarq qaramay, bolasini ilm olishga to‘g‘ri yo‘naltirsa, bu kabi muammolarning oldi olinardi.
Dilafruz SUYuNOVA.