“Targ‘ibot avtokarvoni” ko‘rgazmali tadbirlari o‘tkazilmoqda (foto)

Andijon viloyati IIB YHXB xodimlari tomonidan 2020 yilning dastlabki 20 kuni davomida sodir etilgan yo‘l-transporti hodisalarida ishtirok etgan avtomashinalar ortilgan targ‘ibot avtokarvoni tashkil etilib, Andijon shahri, Andijon, Oltinko‘l tumanlarining aholi gavjum joylarida profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.

Yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda targ‘ibotning alohida o‘rni bor. Insonda shunday odat borki, qilmishining oqibatini tushunib yetmaguncha yoki ko‘zi bilan ko‘rmaguncha undan qaytmaydi. “Targ‘ibot avtokarvoni”ning maqsadi ham haydovchi va piyodalarga, umuman, fuqarolarga yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik qanday oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatish hamda shu orqali ularni hushyorlikka chorlash bo‘ldi.

Shuningdek, ta’lim muassasalarida hamda muntazam YPX maskanidan o‘tayotgan fuqarolar o‘rtasida yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari tashkil etilib, xodimlar tomonidan yo‘l harakati xavfsizligiga doir tushuntirish ishlari olib borildi.