Tarixda ham bayroqni eng ishonchli bahodirlar qo‘riqlagan
Yaqinda mamlakatimiz suverenitetining ramzlaridan biri – mustaqil O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganligiga 28 yil to‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 18 noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrog‘i – mamlakat davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u yer yuzining shu sarhadlarida mustaqil O‘zbekiston degan davlat borligini anglatadi.
Shu o‘rinda tarixga bir nazar tashlasak, Davlat bayrog‘i bugungi O‘zbekiston hududida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassamlashtiradi. Umuman, davlatchiligimiz tarixining qaysi bosqichiga nazar tashlamaylik, bayroq qadim-qadimdan xalqlar uchun mustaqillik, tinchlik va barqarorlik timsoli bo‘lib kelgan. Buyuk ajdodlarimiz ham yurt bayrog‘ini muqaddas bilib, uni ko‘z qorachig‘idek asragan.
Xususan, Sohibqiron Amir Temur g‘oliblik bayrog‘ini yuksak ko‘targan. Bayroq ostida buyuk el birlashtirilib, u barpo etgan ulug‘ saltanatni bugungi kunda butun dunyo tan olib kelmoqda. Bu davr vatan tarixiga zarhal harflar bilan bitilib, bayroq esa tom ma’noda mamlakat ramzi, ulug‘vorlik timsoliga aylandi.
Manbalarga ko‘ra, o‘sha davrda jangchilarga jangovar ruh bag‘ishlash, ularning kayfiyatini ko‘tarish, irodasini chiniqtirish maqsadida bayroqning jang maydonlari uzra baland hilpirab turishi ta’minlangan. Bayroq eng ishonchli bahodirlar tomonidan qo‘riqlangan.
O‘zbekiston to‘laqonli suveren respublika sifatida tan olinganining ramzi sifatida 1992 yilning 2 martidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohi oldida bayrog‘imiz hilpiray boshladi. Mana, qariyb yigirma sakkiz yildirki, u xalqaro maydonda mamlakatimizning kuch-qudrati, xalqimiz g‘ururi va iftixori timsoli bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunning 2-3-moddalarida ta’kidlanganidek, davlatimiz bayrog‘i suverenitetimiz ramzi hisoblanib, xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘ladi.
Shuningdek, qonunning 13-moddasiga ko‘ra, fuqarolarimiz, shuningdek, O‘zbekistonda turgan boshqa shaxslar davlatimiz bayrog‘ini hurmat qilishlari shart. “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslarga belgilangan tartibda (O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 203(1)-moddasi va Jinoyat kodeksining 215-moddasi) javobgarlik choralari ko‘riladi.
Shunday ekan, har bir inson ongu shuuriga Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish, umummilliy va ehtirom timsollaridan biri bo‘lgan bayrog‘imizni ulug‘lash va ardoqlash hammamizning muqaddas burchimizdir.
Bahodir QARShIYeV,
viloyat hokimligi yuridik xizmat bosh yuriskonsulti.