Tarjima, axborot, muloqot - siyosiy va ijtimoiy ko‘prik
Joriy yilning 7 iyunida Samarqand davlat chet tillar institutining tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tomonidan ana shu mavzuda xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mamlakatimiz ta’lim tizimida chet tillarni o‘qitishda nutqiy muloqotga yo‘naltirilgan yangi pedagogik texnologiyalarni yorituvchi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, darsliklar, o‘quv-qo‘llanmalarini yaratish va ularni o‘quv jarayoniga joriy etib, xorijiy til ta’limini yanada takomillashtirish masalasi milliy ta’lim dasturining asosiy maqsadi sanaladi. Bugun xorijiy tillarni o‘qitishda til sistemasiga o‘rgatishga yo‘naltirilgan an’anaviy o‘qitish metodlari o‘rniga dunyoda ustuvor yo‘nalish sifatida tan olinayotgai kommunikativ ta’lim metodi va usullaridan foydalanilmoqda.
Shu nuqtai nazardan anjuman ishida tarjimashunoslik sohalarining turli yo‘nalishlari, madaniyatlararo muloqot, qiyosiy-tipologik tadqiqotlar, sotsiolingvistika, lingvodidaktika va chet tili nutqiga o‘rgatish metodikasi masalalari bo‘yicha jamlangan tajribalar, chet tili ta’limi sohasiga oid chop etilayotgan yangi o‘quv va metodik adabiyotlar mavzularini muvofiqlashtirish, chet tillarni o‘qitishning sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha zamonaviy tavsiyalar, ta’limga tatbiq etilayotgan innovatsion axborot va pedagogik texnologiyalar bo‘yicha to‘plangan tajribalar muhokama qilinadi.
Anjumanning «Jamiyat rivojida til va tarjima», «Madaniyatlararo va tillararo tarjimaning yutuqlari va istiqbollari», «Madaniyatlararo va xalqaro muloqot jarayonlari uchun malakali tarjimonlarni tayyorlash masalalari», «Chet tillarni o‘qitishning zamonaviy metodlari», «Buyuk ipak yo‘li mamlakatlari tili va tilshunosligi», deb nomlangan sho‘’ba yig‘inlarida 400 dan ortiq ma’ruzalar tinglanishi kutilmoqda.
Misr Arab Respublikasi, Indoneziya, Yaponiya, AQSh, Xitoy, Italiyadan tashrif buyurgan xorijlik professor-o‘qituvchilar qatori mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari olimlari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilari, iqtidorli talabalar ning ma’ruzalarini tinglash nazarda tutilmoqda.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman doirasida institutning tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi va axborot-resurs markazi hamkorligida so‘nggi yillarda chop etilgan “Yangi adabiyotlar ko‘rgazmasi” tashkil etiladi.
Nilufar Turdiyeva,
Samarqand davlat chet tillar
institutining tarjima nazariyasi va
amaliyoti kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi.