“Tashabbusli byudjet”: 129 ovozdan 17083 tagacha

“Tashabbusli byudjet” jarayonining joriy yildagi ikkinchi mavsumida viloyatimizda 320,4 milliard so‘mlik 220 ta loyiha g‘olib deb topildi.

Aholining tashabbuslari asosida hududlar infratuzilmasini yaxshilash, qulay turmush sharoiti yaratish, ta’lim va tibbiyot muassasalarini ta’mirlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga qaratilgan “Tashabbusli byudjet” jarayoni bugun ancha ommalashdi. Aholi, avvalo, eng zarur ehtiyojdan kelib chiqib, tashabbuslarni ilgari surmoqda va g‘olib bo‘lish uchun harakat qilyapti. Eng asosiysi, g‘olib deb e’tirof etilgach, loyihaning sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishida ham faol ishtirok etmoqda va samarali jamoatchilik nazorati o‘rnatilmoqda.

Viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, “Tashabbusli byudjet”ning joriy yildagi birinchi mavsumida 319 milliard so‘mlik 217 ta loyiha g‘olib deb topilgan. Shu paytgacha bu loyihalarning 99 tasi bajarilib, foydalanishga topshirildi. Qolgan loyihalar bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

– 31 avgust kuni ovoz berish jarayonlari yakunlangan ikkinchi mavsumda viloyat bo‘yicha 1966 ta loyiha shakllantirilib, ularning 1668 tasi saralashdan o‘tdi va ovozga qo‘yilgandi, - deydi viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi mahallalarning moliyaviy ta’minotini ta’minlash va fuqarolar tashabbusli byudjeti jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha bosh mutaxassisi Quddus Ismoilov. – Bu loyihalar uchun 1 million 400 mingga yaqin ovoz to‘plandi va 220 ta loyiha 1 million 204 ming ovoz bilan g‘olib deb e’tirof etildi. Hududlar kesimida qaralganda, ovoz berish jarayonlariga aholining jalb etilishi Kattaqo‘rg‘on tumanida eng yuqori (69 foiz, jami 206 ming ovoz) bo‘ldi. Shuningdek, Urgut va Past Darg‘om tumanlarida ham aholining (50 foiz) faol ishtiroki kuzatildi. G‘olib loyihalar uchun eng ko‘p ovoz Urgut (17083-14717), Kattaqo‘rg‘on (11369-10498) va Past Darg‘om (10551-5749) tumanlarida to‘plangan bo‘lsa, eng kami Kattaqo‘rg‘on (1140-129) va Samarqand shaharlarida (2344-1187) qayd etildi. Ikkinchi mavsumda viloyatdagi 186 mahallaning loyihalari g‘olib deb topildi. Jumladan, Samarqand shahrida 18 ta, Past Darg‘omda 17 ta, Urgut, Ishtixon va Samarqand tumanlarida 14 tadan mahalla loyihalari eng ko‘p ovoz oldi.

G‘olib loyihalarning 140 tasi mahallalardagi ichki yo‘llarni ta’mirlash bilan bog‘liq bo‘lsa, 37 tasi maktab, 19 tasi tibbiyot muassasalari qurilishi va jihozlanishiga tegishli. Bundan tashqari, mahallalarda bog‘cha, sport inshootlari tashkil etish, elektr ta’minotini yaxshilashga qaratilgan loyihalar ham bor.

Darvoqe, shu yilning 29 avgust kuni Prezidentimiz tomonidan “Tashabbusli byudjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining siyosiy faolligini va saylovchilar oldidagi mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgan qarorda belgilab qo‘yilganidek, 2026 yil 1 yanvardan boshlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari har yili tashabbusli byudjet jarayonlari doirasida tegishli saylov okruglarida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan aholining kundalik hayotiga va hududni rivojlantirishga bevosita ta’sir qiladigan ikkita loyihani (har mavsumda bittadan) saylovchilarning manfaatlarini inobatga olgan holda «Ochiq byudjet» axborot portalida tanlaydi va mazkur tanlov loyihani O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan moliyalashtirish uchun asos hisoblanadi. G‘olib bo‘lmagan loyihalarni moliyalashtirish uchun har bir deputatga bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz ming baravari (salkam 3 milliard 296 million so‘m) miqdoridagi mablag‘ har yilgi respublika byudjetida nazarda tutiladi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 fevraldan “Tashabbusli byudjet”da ayrim loyihalarni aholi va davlat o‘rtasida sheriklik asosida moliyalashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bunda aholi tomonidan loyihalar qiymatining 50 foizi ixtiyoriy moliyalashtirilganda loyihalar g‘olib deb topiladi va qolgan 50 foizi respublika byudjetidan moliyalashtiriladi.

Qaror bilan 2025 yil 1 sentyabrdan mahallalari soni 15 va undan kam bo‘lgan tuman va shaharlardagi barcha mahallalar hamda aholi va davlat o‘rtasida sheriklik asosida moliyalashtiriladigan loyihalarga “Tashabbusli byudjet” jarayonlari doirasida so‘nggi mavsumlarda ketma-ket ikki marotaba g‘olib deb topilgan mahallalar uchun navbatdagi ikki mavsumga loyiha kiritish imkoniyati cheklovi qo‘llanilmaydi.

G‘olib Hasanov.