Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaga O‘zbekiston fuqarosining vafoti yuzasidan nota yubordi
Rossiyaning Xabarovsk shahrida O‘zbekiston fuqarosining OMON tomonidan kaltaklanishi oqibatida vafoti yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi rasmiy notani taqdim qildi.
Holat O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi tomonidan nazoratga olingan. Bosh konsulxona marhumning yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, zarur konsullik va amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
Fuqaroning jasadini Vatanga qaytarish ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, Xabarovsk o‘lkasi prokuraturasi va tergov boshqarmasiga, shuningdek Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirligining Xabarovskdagi vakolatxonasiga notalar yuborilib, holatni xolisona va qonuniy tartibda o‘rganish so‘raldi.
Vafot etish sabablari hozircha rasman tasdiqlanmagan. Qo‘shimcha ma’lumot kelib tushishi bilan jamoatchilikga xabar beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Rossiyada o‘zbekistonlik migrant OMONchilar tomonidan kaltaklab o‘ldirilganligi haqida xabarlar tarqaldi.
Manbalarga ko‘ra, voqea 12 dekabrda Xabarovskda sodir bo‘lgan. Kuchishlatar tuzilmalar vakillari kafelardan birini sababsiz bostirib kirib, u yerdagi o‘zbekistonliklarni ayovsiz kaltaklagan. Oqibatda ikki fuqaro boshidan jiddiy jarohat olib komaga tushgan, ularning qo‘l-oyoqlari sindirilgan. Komaga tushganlardan biri bir necha kundan keyin vafot etgan. Yana bir o‘zbekistonlik hozirda shifoxonada og‘ir ahvolda davolanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 12 dekabrda Xabarovskda sodir bo‘lgan. Marhum Kattaqo‘rg‘on tumanidan ekanligi aytilmoqda.