Telefon o‘g‘irlayotgan shaxs jinoyat ustida ushlandi

Joriy yilning 8 aprelidan 9 aprelga o‘tar kechasi Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani markazida ob-havo noqulayligi sababli texnik nosozlik yuzaga kelib, iste’molchilar vaqtincha elektr ta’minotidan uzilgan. Vaziyatdan kelib chiqib hududda Milliy gvardiyaning qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari qo‘riqlovdagi ob’yektlarning nazoratini yanada kuchaytirgan.

Milliy gvardiya matbuot xizmatining xabar berishicha, yo‘nalish bo‘ylab harakatlanayotgan tezkor guruh xodimlari tongi soat 4:00 lar chamasi qo‘riqlovda bo‘lgan Chiroqchi tumani, Mustaqillik ko‘chasida joylashgan “MEGAGOLD-TECH” MChJga qarashli “kanstovar” do‘koni kirish eshigining qulfi buzish yo‘li bilan ochilganligini aniqlagan. Noqonuniy ravishda magazinga kirib, o‘g‘irlik qilgan noma’lum shaxs do‘kondan chiqib ketmoqchi bo‘lib turgan vaqtda, voqea joyida ashyoviy dalillar (2 100 000 so‘m va SAMSUNG A-10 rusumli uyali telefon apparati) bilan qo‘lga olingan.

Ayni vaqtda ushlangan shaxs Chiroqchi tumani ichki ishlar bo‘limiga o‘rnatilgan tartibda topshirilgan va holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.