Temuriylar davrida qo‘g‘irchoqbozlik orqali salbiy illatlar namoyish etilgan

Temuriylar davrida xalq san’atining barcha turlari keng rivojlangan. Ayniqsa, dorbozlar, qo‘g‘irchoqbozlar, kosa o‘ynovchilar, soqqabozlar o‘yinlari xalq orasida ommabop bo‘lgan. Bu kabi xalq san’atining mohiyati va erishgan darajasi Husayn Voiz Koshifiy asarlarida batafsil  sharhlab berilgan.

Husayn Voiz Koshifiy (1442/46-1505) islom dinining yirik nazariyotchilaridan biri bo‘lishi bilan birga falsafa, axloq, tilshunoslik, adabiyotshunoslik, siyosat, tarix, astronomiya, notiqlik san’ati, tibbiyot kabi sohalarga oid 200 dan ortiq asar yozgan. Alisher Navoiy Husayn Voiz Koshifiyning iste’dodini yuqori baholab, uni o‘z himoyasiga oladi, unga yaqindan homiylik qiladi.

U «Futuvvatnomai sultoniy yoxud javonmardlik tariqati» asarida  tomosha ko‘rsatuvchilarni uch toifaga ajratadi: kosa o‘ynovchilar, qo‘g‘irchoqbozlar va soqqabozlar. Husayn Voiz Koshifiy tariqat ahli uchun ham bu tomoshalarning ahamiyatini tushuntirib o‘tadi. Qo‘g‘irchoqbozlik san’atining mohiyatini quyidagicha izohlaydi: «Ey aziz, bilgilki, sohibdil darveshlar qo‘g‘irchoq o‘yinidan ko‘p ramzu ishoratlar o‘qib, dunyoning sir-sinoatini fahmlab, hiyla haqiqatlarni kashf etibdirlar. Shuni bilish lozimki, shaklu shamoil, surat olamida zuhur etadigan narsalar hazil-mutoyiba bo‘lsa-da, ammo mohiyat-mazmuniga ko‘ra, ular jiddiy haqiqatlarni anglatadilar.

Koshifiy qo‘g‘irchoq o‘yini (qo‘g‘irchoqbozlik) faqat ko‘ngilochar, hazil-mutoyibali tomosha emas, balki hajv va yumor orqali ijtimoiy jarayonlarda sodir bo‘ladigan yoki insonlar faoliyatida namoyon bo‘ladigan ba’zi bir salbiy illatlarni ochib berish va bundan tomoshabinlarga ibrat olishga undaydigan san’at turi ekanligini ta’kidlaydi.

Shuningdek, tomosha ko‘rsatuvchi polvonlar: kurash tushuvchilar, toshotarlar, dorbozlar, kuchini namoyish qiluvchilar (zo‘rgarlar) haqida ham o‘z asarida to‘xtalib o‘tgan: “Bilgilki dorbozlik ulug‘ bir kasbdir va bu ishning ustalari pokiza axloqlik, pok va rostgo‘y bo‘lishlari kerak. Bu ishda ikkita asbob muhim – biri arqon, ikkinchisi mizon (tarozi). Arqon ko‘prik o‘rnida bo‘lsa, mizon adolat tarozisi o‘rnidadir”. Bu yerda mizon deganda langarcho‘p nazarda tutilgan.

Koshifiy xalq tomoshalari, xususan, qo‘g‘irchoqbozlik san’ati o‘rta asrlarda qanchalik ommaviy bo‘lganligini o‘z asarlarida ko‘rsatib bergan. Bu xalq san’at turi faqat yengil hazil-mutoyiba emas, balki chuqur falsafiy mazmun va tarbiyaviy ahamiyat kasb etishini ham tushuntirgan.

U qo‘g‘irchoq o‘ynatuvchilar haqida shunday deydi: «Agar qo‘g‘irchoqbozlikning shartlari nimadan iborat, deb so‘rasalar, aytgil: asosiy sharti shuki, qo‘g‘irchoq o‘ynatuvchi dono bo‘lsin va haqiqatdan bahra topsin». Mantiqiy va tanqidiy tafakkurga ega bo‘lgan qo‘g‘irchoq o‘ynatuvchigina jamiyatda sodir bo‘ladigan yoki kishilar fe’lida uchrab turadigan salbiy illatlarni anglamog‘i va qo‘g‘irchoqlar timsolida hazil-mutoyiba orqali kishilarga shunday yetkazmog‘i kerakki, tomoshabinlar bundan ibrat olib xulosa chiqarsin.

Qo‘g‘irchoq san’atida ishlatiladigan sahnalar va ularning zohiriy ma’no kasb etishini esa quyidagicha ta’kidlaydi: «Agar(xayma) chodir nimaga ishora  qiladi, deb so‘rasalar, bu inson badaniga ishora, deb javob bergil. Chunki inson ichidan har lahzada yuz xil qo‘g‘irchoqlar bosh ko‘taradi va tilga kiradi. Bu xayma, ya’ni badan ichida turli fe’l-ravishlar bo‘lsa-da, biroq bularning hammasi yagona qudratning san’ati, ijodidan boshqa narsa emas. Agar peshtaxta (sandiq) nimaga ishora etadi, deb so‘rasalar, odamzod qalbiga ishoradir, deb aytgil. Zero, qalb ajoyib sandiq bo‘lib, odamning ahvoli, xislatlaridan nishona berib turadi. Shu bois, ham uni «qalb»deganlar (arab tilida qalb so‘zi o‘zgaruvchi, evriluvchi, degan ma’nolarni beradi).

Tarixga nazar tashlasak, yurtimizda qo‘g‘irchoq teatri (qo‘g‘irchoqbozlik san’ati) salkam yigirma asrlik tarixga ega. Yevropada dastlab Italiyada XVI asrdan, Rossiyada esa XVIII-XIX asrdan bu san’at qayd etilgan. Ko‘rinib turibdiki, Markaziy Osiyo xalqlari qo‘g‘irchoq teatri san’ati rivoji bo‘yicha Yevropa davlatlari va Rossiyaga nisbatan bir necha asr avval yutuqlarga erishgan.

Akram Azizqulov,

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti ijtimoiy fanlar kafedrasi mudiri.

Akbar Alimov,

SamISI o‘qituvchisi.