Test sinovlaridagi korrupsiya aks etgan “Birinchi avgust” badiiy filmida Samarqand teatrlari aktyorlari rol ijro etdi

Rejissyor Abduvohid G‘aniyevning “Birinchi avgust” filmi premerasi 26 noyabrda bo‘lib o‘tadi. Premera yaqin ekan, filmni ko‘rishga arziydigan ba’zi jihatlarni qayd etib o‘tamiz:

✔ Kartina ta’limdagi qing‘irliklar, korrupsiya holatlari ochib berilgan ilk film.

✔ Talabaning oliy ta’lim muassasasi dargohiga qo‘ygan ilk qadamidayoq ko‘z bo‘yamachilik va adolatsizlik manzarasini ko‘rishi, buning oqibatida “qush uyasida ko‘rganini qiladi” qabilida ish tutishi mumkinligi ko‘rsatiladi.

✔ “Test sinovlari o‘yin bo‘ldi” kabi gaplarni ko‘p eshitamiz, “paravoz”, “bunker”, “tanka” kabi iboralar esa ancha ommalashgan. “Birinchi avgust” badiiy filmida ushbu iboralar kinovoqelikka ko‘chadi, test jarayonlarining qay darajada o‘yin bo‘lganligi va o‘yinning tepasida turgan odamlar fosh qilinadi.

✔ Filmda korrupsiya aralashmagan syujet ham bor - bu bosh qahramonlar Yigitali Mamajonov va Feruza Yusupova o‘rtasidagi muhabbat voqeligi.

✔ Filmda Yigitali Mamajonovni oliy o‘quv yurtiga kirish testlarida "paravoz"lik qilgan “testoman” rolida ko‘ramiz.

✔ Kartinada bolalikdan o‘rgatilgan to‘g‘ri diniy bilim, shu bilan parallel tarzda chet tillarini o‘rgatib borish yosh avlodning kelgusida halol, e’tiqodli va dunyoqarashi keng bo‘lib ulg‘ayishida muhim o‘rin tutishi aks etadi.

Kinoloyiha ijodkorlarining e’tirofiga ko‘ra, bu filmda kimnidir yoki qaysidir qatlamni aybdor qilish emas, balki jamiyatdagi shu illatga bo‘lgan loqaydlik hamda korrupsiyaga yo‘l ochib berilgan noto‘g‘ri mexanizm haqida ham fikr yuritiladi.

Film “O‘zbekkino” milliy agentligi buyurtmasi bilan “Olov Nur Media” kinostudiyasi tomonidan suratga olindi. Kinokartinada bosh rollarni Yigitali Mamajonov, Feruza Yusupova, Tohir Saidov, Rayhon Ulasenova, Sobir Otajonov, Muyassar Berdiqulova va epizodik talqinlarni Samarqand viloyati teatrlarining iste’dodli aktyorlari ijro etgan. Ushbu badiiy  filmning kinoijodkorlari ishtirokidagi taqdimot Samarqand shahrida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

“O‘zbekkino” milliy agentligi axborot xizmati.