Tez tibbiy yordam shifokorlari yana tajovuzga uchradi
Ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek, Toshkent shahridagi 6-stansiyaning tez tibbiy yordam shifokori Jahongir Xo‘jayevning o‘ziga nisbatan bemor yaqinlari tomonidan tajovuz qilingani haqidagi murojaati e’lon qilindi.
Unda qayd etilishicha, 29 sentyabr kuni soat 22:51da bo‘lgan murojaatga ko‘ra, tez yordam 12 daqiqada ko‘rsatilgan manzilga yetib borishadi. Ularni bir guruh mast erkaklar qarshi olishdi va stullarda yotgan 28 yoshli qiz yoniga olib borishdi. Uning atrofida to‘planib olgan bir guruh odamlar tinimsiz baqirar, shifokorlarni haqorat qilishardi. Qizda psixomotor qo‘zg‘alish kuzatilayotgandi. Shifokor J.Xo‘jayev 28 yoshli bemor qizning barcha hayotiy ko‘rsatkichlari me’yorida ekanligini tushuntiradi. U yerdagilar esa shifokor va feldsherni haqoratlashda davom etishdi. Shunga qaramay J.Xo‘jayev tibbiy yordam ko‘rsatgan bemor qiz uxlab qoladi. Ma’lum vaqt o‘tib yana uyg‘ondi va yana qichqirishni boshlaydi.
So‘ngra bemorni 7-shahar klinik kasalxonasi qabulxonasiga olib keladi. Qizning qarindoshlari u yerdagi yordamga kelgan nevropatologni ham haqorat qilishadi. Shundan so‘ng bemor reanimatsiya bo‘limiga olib boriladi. Reanimatsiya bo‘limidagi shifokor va hamshiralarning tinchlantirishiga qaramay, qizning qarindoshlari bo‘limga kirib shifokorlarni haqoratlashda davom etadi. Shunda shifokor J.Xo‘jayev yo‘lakka chiqqanida bemorning akasi to‘satdan boshi bilan yuziga zarba berdi va burnini sindirdi. Kuchli qon keta boshladi. Ushbu holat yuzasidan militsiyaga xabar berildi. IIB xodimlari bemorning qarindoshlarini zo‘rg‘a tinchlantirishadi. Ertasi kuni bemor qizga uyiga javob berishdi. Chunki u butunlay sog‘lom edi.
Jabrlangan shifokor esa 7-klinik shifoxonada “Burun suyaklarining yopiq sinib siljishi, miya chayqalishi va bosh miya suyagining aralash yopiq sinib jarohatlanishi, bosh miya chayqalishi” tashxisi bilan davolanmoqda.
“2,5 yildan buyon tez tibbiy yordamda ishlayman. Odamlar shifokorlarga yildan-yilga yomon munosabatda bo‘layotganini ko‘rib turibman. Ayniqsa, tez tibbiy yordam shifokorlari qiyin ahvolda. Har kuni shifokorlar do‘pposlanadi, zo‘ravonlar esa jazosiz qolaveradi.
Menga juda alam qiladi. 10 yil davomida kontrakt asosida katta mablag‘ to‘lab o‘qidim. Arzimas maosh evaziga ertalabdan kechgacha, chaqiriqdan-chaqiriqqacha ishlayman. Hammaga yordam berishga harakat qilaman, o‘z ustimda ishlayman. Buning hammasi uchun “minnatdorchilik” sifatida mana shu jarohatlarni oldim. Ishlash hayotimiz va sog‘lig‘imiz uchun xavfli bo‘lib qoldi”, deydi shifokor J.Xo‘jayev.
"Afsuski, vazirligimiz jinoyatga huquqiy baho berish, aniqlash va jazolash vakolatiga ega emas. Faktlarga e’tibor bering: so‘nggi 1 yil 9 oy ichida mamlakatimizda birgina shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimi xodimlariga nisbatan 100 dan ortiq holatda tajovuzlar qayd etilgan. Ularning ko‘pida tomonlar kechirim so‘rash bilan kelishtirilgan. Lekin ba’zi holatlarda umuman huquqiy ta’sir choralari ko‘rilmagan. Ko‘pincha shifokorlarga bo‘layotgan tajovuz, suiqasd holatlariga bevosita vazirlikning murojaati bilan huquqiy chora ko‘rilayotganini qanday baholash mumkin?", deyilgan SSV xabarida.