Tibbiyot sohasidagi kelishuvlar davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi

Samarqand viloyat perinatal markaziga Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) kompaniyasining delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Ma’lumki, ikki yildan beri Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik tashkilotining (GIZ) O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan tuzilgan kelishuvga muvofiq, ko‘plab yo‘nalishlar qatori tibbiyot sohasida ham o‘zaro hamkorlik qilib keladi. Jumladan, o‘tgan yili mazkur kompaniyaning 90 ming yevro grant mablag‘lari hisobiga tibbiyot markazida kislorod ishlab chiqaruvchi korxona ishga tushirilgan edi. Yiliga 300 million so‘mlik tabiiy tibbiy kislorod ishlab chiqaruvchi mazkur mini zavod viloyatimizdagi barcha shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar, ayniqsa, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning salomatligini mustahkamlashda katta xizmat qilmoqda.    

Shuningdek, kelishuvga muvofiq, o‘tgan yili markazda laparaskopiya yo‘nalishida vrachlar malakasini oshirish o‘quv markazi tashkil etilgan edi.

Joriy yilda GIZ kompaniyasining vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan aksiyalarda xorijdan kelgan malakali shifokorlar tomonidan ikki marta tibbiy ko‘rik va ayollarda uchraydigan sut bezi saratoni kasalligini erta bosqichlarda aniqlab, ginekologiya sohasida kichik invaziv usullarda jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. 

- Ikkala davlat o‘rtasidagi turli sohalardagi o‘zaro aloqalar yildan yilga yaxshilanib bormoqda, - deydi Germaniya xalqaro hamkorlik tashkilotining (GIZ) Xitoy Markaziy va Sharqiy Osiyo davlatlari bo‘linmasi rahbari Katrin Oyellers. – Yaqinda Germaniya iqtisodiy rivojlanish vazirligi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida yangi foydali shartnomalar tuzishga erishdik. Jumladan, ayollar kasalliklarini erta aniqlovchi zamonaviy ultratovush diagnostikasi uskunalari olib kelish va vrachlar malakasini oshirish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishdik. Kelgusida ham mazkur perinatal markazi bilan ham yanada yaqin hamkorlikda ishlashni rejalashtirganmiz. Dunyoning yetakchi klinikalarining tajribali mutaxassislari yordamida o‘ta murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish va mahalliy shifokorlar uchun mahorat darslari tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. 

Tashrif davomida mehmonlar shifokorlarimiz tomonidan olib borilayotgan jarrohlik amaliyotlarini kuzatishdi. 

Dilmurod To‘xtayev.

B.Mustanov olgan suratlar.