TIV Hindistonda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Hindistonda va u yerga borish niyatida bo‘lgan o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi.
Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Hindistonning Bixar shtati va boshqa hududlarida qattiq yomg‘ir yog‘ishi oqibatida sodir bo‘lgan suv toshqinlari, o‘pirilishlar sabab minglab odamlar xavfli hudularni tark etishga majbur bo‘lishmoqda.
Mamlakat bo‘yicha 110 nafardan ortiq odam mazkur tabiiy ofat qurboni bo‘ldi. Odamlarni xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish hamda mol-mulkidan ayrilgan fuqarolarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha Hukumat tomonidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
“Shu munosabat bilan TIV Konsullik-huquqiy departamenti Hindistonda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini tabiiy ofat hududlariga vaqtinchalik bormaslikka chaqiradi”, deyiladi xabarda.
Vazirlik O‘zbekistonning Nyu-Dehli shahridagi elchixonasi telefon raqamlarini eslatib o‘tgan: (9111) 24670774, 24670775, 24105640.