TIV Koreyaga olib kirish ta’qiqlangan mahsulotlar haqida ma’lum qildi

Koreya Respublikasining karantin hamda hayvon va o‘simliklar inspeksiyasi agentligi mamlakatda Afrika cho‘chqa grippi va parranda grippi tarqalishining oldini olishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar doirasida 2019 yilning 1 iyunidan boshlab bir qator go‘sht mahsulotlarini mamlakatga olib kirishni ta’qiqlaydi, deb Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra quyidagi mahsulotlarni Janubiy Koreyaga olib kirish mumkin emas:

- go‘sht va go‘sht mahsulotlari: mol, cho‘chqa va tovuq go‘shtlari, vetchina, sosiska/kosbasa, quritilgan go‘sht, pishirilgan go‘sht, konservalar va hokazo;
- hayvon mahsulotlari: bug‘u shoxlari, suyaklar, patlar va hokazo;
- sut mahsulotlari: sut, pishloq, yog‘ va hokazo;
- tuxum va tuxum mahsulotlari: tovuq va qush tuxumlari, tuxum oqi, tuxum kukuni va hokazo;
- uy hayvonlari uchun ozuqa, yegulik, oziq-ovqat qo‘shimchalari va hokazo.

Yuqorida qayd etilgan go‘sht mahsulotlarini Koreya Respublikasiga qonunga xilof tarzda olib kirishga harakat qilish 5 mln Koreya voni (1$= 1155,57 von) miqdoridagi jarima solinishiga asos bo‘ladi.

Jarimani to‘lamaslik mamlakatga 5 yil muddat ichida qayta kirishga ta’qiq qo‘yilishiga sabab bo‘ladi.