Tojikiston ommaviy tadbirlar o‘tkazilishini va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini to‘xtatdi. Poytaxtda maktab va bog‘chalar karantinga yopildi
Bugun, 25 apreldan boshlab Tojikiston barcha turdagi don va dukkakli mahsulotlar, shuningdek, boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari eksportini to‘xtatdi. Mazkur qaror COVID-19ning oldini olish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan respublika shtabida qabul qilindi.
“Dunyoda kuzatilayotgan og‘ir iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatdan kelib chiqib, oziq-ovqat xavfsizligini kuchaytirish va mahalliy bozorni birinchi zaruriy mahsulotlar bilan ta’minlash maqsadida 25 aprel sanasidan boshlab respublika hududidan (bug‘doy, guruch, no‘xat, mosh, tuxum, kartoshka va barcha turdagi go‘sht mahsulotlari) barcha turdagi don va dukkakli mahsulotlar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari eksporti vaqtincha ta’qiqlandi”, deyilgan qarorda.
Bundan tashqari, respublika shtabining qaroriga muvofiq mamlakatda barcha turdagi ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi taqiqlandi.
Shu bilan birga koronavirus tarqalishi xavfi tufayli mamlakat poytaxti Dushanbeda 27 apreldan 10 mayga qadar maktab va bolalar bog‘chalari karantinga yopildi. Bu haqda Tojikiston ta’lim va fan vazirligi ma’lum qildi.
“Dushanbedagi bolalar bog‘chalari va maktablardagi mashg‘ulotlar 27 apreldan 10 mayga qadar vaqtincha to‘xtatiladi. Bu vaqt davomida maktabgacha va umumta’lim tashkilotlari binolari dezinfeksiya qilinadi”, ma’lum qildi poytaxtning ta’lim bo‘limi.
Ma’lumotga ko‘ra, karantin umumiy hisobda 4686 tashkilotni, 2245661 nafar maktabgacha va maktab bolalarini, shuningdek, 143045 nafar o‘qituvchini qamrab oladi.
Oliy ta’lim muassasalaridagi darslar ilgarigidek davom ettiriladi.