Tojikistonda Yangi yil bayrami tadbirlari bekor qilindi

Tojikistonda COVID-19 pandemiyasi sabab, Yangi yil bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan barcha ommaviy tadbirlar bekor qilindi.

Tegishli qaror COVID-19 ga qarshi kurash bo‘yicha Respublika shtabi tomonidan qabul qilindi.

Dushanbe shahridagi madaniyat va istirohat bog‘larida yangi yil archalari o‘rnatilmaydi.

Bayram kunlari mamlakat aholisi istirohat bog‘larida va madaniy hordiq chiqarish joylarida faqat shaxsiy va jamoat gigiyenasi qoidalari, himoya maskalaridan foydalanish va ijtimoiy masofaga qat’iy rioya qilish sharti bilan sayr qilishlari mumkin.

An’anaga ko‘ra, har yili Tojikistonda Yangi yil juda keng nishonlangan. Yangi yil arafasida mamlakatning barcha maydonlari va bog‘lari, asosan Dushanbedagi «Drujba» maydoni yangi yil archalari bilan bezatilgan va ommaviy tantanalar bo‘lib o‘tgan.

Bugungi kunda Tojikistonda koronavirus infeksiyasi bilan zararlanish holati 40 tani tashkil etyapti. Mamlakatda koronavirus bilan kasallanganlarning umumiy soni 11 731 taga, vafot etganlar soni esa 86 taga yetdi. Jami 11 105 kishi xavfli infeksiyadan davolandi.