«Tolibon» chegaralarni o‘z nazoratiga olmoqda
Afg‘onistondagi «Tolibon» harakati Pokiston bilan chegaradagi muhim Spin-Boldak nazorat-o‘tkazish punktini o‘z nazoratiga olganligini e’lon qildi. Aynan ana shu qo‘shni mamlakatdan guruhga qo‘shimcha kuchlar keladi.
Tolibon Afg‘oniston bo‘ylab hujumni faol rivojlantirmoqda, qo‘shni davlatlar chegaralariga yetib borib, Tojikiston, Turkmaniston va Eron bilan chegaralarini o‘z nazoratiga olgan. Qobuldan tashqari, faqat bir nechta hudud Afg‘oniston hukumati nazorati ostida qolmoqda.
Ushbu fonda BMT qochqinlar sonining tez o‘sishidan tashvish bildirmoqda.
"Qochqinlar agentligi Afg‘oniston gumanitar inqirozga duch kelishi haqida ogohlantiradi. To‘qnashuvlar avj olishi tinch aholini azob-uqubatlarga duchor etmoqda. Agar tinchlik kelishuviga erishilmasa va zo‘ravonliklarga chek qo‘yilmasa, Afg‘oniston va qo‘shni davlatlarda qochqinlar soni yanada o‘sishi muqarrar", deydi BMT vakili Farxan Xak.
Aholi «Tolibon» va hukumat kuchlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuv zonalaridan, o‘zining beshafqat qoidalarini belgilagan guruh tomonidan qo‘lga kiritilgan mintaqalardan qochmoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyidan beri Afg‘onistonda ko‘chirilganlar soni 270 ming kishiga ko‘paygan, ayni paytda qochqinlarning umumiy soni 3,5 milliondan oshgan.