«Tolibon» harakatining rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi: Keyingi uchrashuv Samarqandda bo‘lishi mumkin
8 avgust kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligida «Tolibon» harakatining Dohadagi siyosiy ofisi rahbari mulla Barodar Axund boshchiligidagi harakat vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.
Uchrashuv chog‘ida Afg‘onistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishish maqsadida mamlakatda tinch siyosiy jarayonlarni ilgari surish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Mulla Barodar O‘zbekiston rahbariyatiga Afg‘onistonga doimiy e’tibor qaratayotgani uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi va O‘zbekiston sa’y-harakatlari tufayli Afg‘oniston muammosi yana jahon hamjamiyati diqqat markaziga tushganini alohida qayd etdi.
«Tolibon» harakatining siyosiy ofisi rahbari afg‘onlararo muloqotning navbatdagi raundini Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifni qo‘llab-quvvatladi.
Mazkur tadbirning Afg‘onistondagi hozirgi real vaziyat nuqtai nazaridan o‘z vaqtida tashkillashtirilayotgani va dolzarbligi qayd etildi va O‘zbekiston tomonining mazkur uchrashuvni o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratib berishga tayyorligi uchun minnatdorlik izhor etdi. Muzokaralar chog‘ida afg‘on xalqining o‘z taqdirini o‘zi hal qilishi va o‘z kelajagini qurish huquqi yana bir bor ta’kidlandi.