Tolibon O‘zbekistonga safari bo‘yicha chegara xavfsizligi, tranzit va bojxona hamkorligi masalalarini baholadi
Afg‘onistonda hukumat tepasiga kelgan Tolibon harakati Rossiya, Qatar va O‘zbekistonga tashrifini ijobiy baholadi, deya xabar bermoqda ToloNews telekanali harakat vakili Zabiulla Mujohidning matbuot anjumaniga tayanib.
Mujohidning aytishicha, Tolibon delegatsiyasi «yaxshi taraqqiyotga» erishgan. Jumladan, Moskvada uchta asosiy mavzu: Afg‘onistonda barqarorlikni saqlash, muzlatilgan afg‘on aktivlarini ochish va “mintaqa davlatlari Islom amirligi (Tolibon siyosiy tizimining o‘zlari tomonidan nomlashi – tahr.)ni qo‘llab-quvvatlashi muhokama etildi.
O‘zbekistonda delegatsiya chegara xavfsizligi, tranzit va bojxona hamkorligi masalalarini muhokama qildi, deya qo‘shimcha qildi Mujohid.
Avgust oyi boshida Tolibon afg‘on hukumati kuchlariga qarshi hujumlarini kuchaytirib, 15 avgustda Kobulga kirdi va ertasi kuni urush tugaganini e’lon qildi. Avgust oyining so‘nggi ikki haftasida AQSh harbiylari himoyasida bo‘lgan Kobul aeroportidan G‘arb fuqarolari va ular bilan hamkorlik qilgan afg‘onlar ommaviy evakuatsiya qilindi.
31 avgustga o‘tar kechasi amerikalik harbiylar Kobul aeroportini tark etib, Afg‘onistondagi qariyb 20 yillik amerikalik harbiy ishtirokini tugatdi. Sentyabr oyi boshida Afg‘oniston muvaqqat hukumati tarkibi e’lon qilindi. Unga avvalgi Tolibon hukmronligi davrida tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan va 2001 yildan buyon BMT sanksiyalari ostida bo‘lgan Muhammad Hasan Oxund boshchilik qildi.