“Tolibon” vakili: Afg‘oniston giyohvandsiz mamlakatga aylanadi

«Tolibon» o‘zini Afg‘oniston hududida islomiy qonunlarni joriy etishga haqli, deb hisoblaydi. Bu haqda harakatning rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid hukumat egallanganidan keyingi birinchi matbuot anjumanida aytdi.

Harakat ayollarga o‘z huquqlarini shariat qonunlariga muvofiq ta’minlashga va’da berdi. Shuningdek, ular milliy manfaatlarga zid kelmaslik sharti bilan ommaviy axborot vositalari uchun erkinlikni saqlab qolishga ham ahd qilgan.

«Erkinlikka erishish – har bir xalqning huquqidir. Afg‘onlar, qonuniy huquqlaridan foydalanib, 20 yillik jihoddan so‘ng o‘z erkinligini qaytarishga, mamlakatini istilo va istilochilardan tozalashga muvaffaq bo‘lishdi. Bundan buyon Afg‘oniston giyohvandsiz mamlakatga aylanadi. Albatta, xalqaro hamjamiyat yordami bilan», deya ta’kidladi Zabihulloh Mujohid.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda Afg‘onistonda qariyb 6,3 ming tonna afyun ishlab chiqarilgan (jahon bo‘yicha 85 foizi). Mutaxassislarning fikricha, tolibonlar hukumatni qo‘lga kiritgunga qadar 80 foiz daromadi aynan narkotiklar hisobidan shakllangan.