Tolibonlar hujumidan so‘ng 100 nafarga yaqin afg‘on askari Tojikistonga o‘tdi

4 iyul kuni tolibonlar Afg‘onistonning Badaxshon viloyatining Xoxon tumanini egallagach, 100 nafarga yaqin afg‘on askari Tojikistonga o‘tdi, deb xabar berdi RIA Novostiga Tojikiston chegara qo‘shinlari matbuot markazi.

Shanba kuni tolibonlar Xoxon chegara komendaturasini egallagach, 300 dan ortiq afg‘on chegarachilari Tojikiston davlat chegarasini kesib o‘tganligi haqida Tojikiston chegara xizmati xabar berdi.

"Yakshanba kuni soat 18:00 da «Tolibon» harakati qurolli guruhi Afg‘onistonning Badaxshon viloyatidagi Xoxon tumanini jangsiz egallab oldi. Afg‘oniston Qurolli Kuchlarining 94 nafar harbiy xizmatchisi chekindi va shaxsiy tarkibni saqlab qolish uchun Tojikistonning Shohon sektori chegarasini kesib o‘tdi», deya xabar beradi agentlik.

Tojik chegarachilari insonparvarlik tamoyillarini inobatga olgan holda, chekinayotgan Afg‘oniston hukumat harbiylariga o‘z hududlariga o‘tishga ruxsat berishdi.

«Davlat chegarasining ko‘rsatilgan qismida og‘ir vaziyatni hisobga olgan holda, Afg‘oniston hukumati qo‘shinlarining Tojikiston hududiga kirib kelishi davom etishi ehtimoli mavjud. Tojik-afg‘on chegarasidagi vaziyat tojik chegarachilarining to‘liq nazorati ostida», deyiladi matbuot markazi bayonotida.

Afg‘onistonda hukumat kuchlari va qishloq joylaridagi muhim hududlarni egallab, yirik shaharlarga hujum uyushtirayotgan radikal «Tolibon» harakati jangarilari o‘rtasida qarama-qarshilik avj olmoqda. Mamlakatda beqarorlik AQSh ma’muriyatining 11 sentyabrga qadar ittifoqchilar bilan to‘liq muvofiqlashgan holda o‘z qo‘shinlarini afg‘on tuprog‘idan olib chiqishni yakunlash haqidagi va’dalari fonida kuchaymoqda. 2020 yilda Vashington va «Tolibon» rasmiylari Doxada 18 yildan ortiq urush davomida birinchi tinchlik shartnomasini imzolagan edi. U 14 oy ichida Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlarni olib chiqib ketish va mahbuslar almashinuvidan so‘ng afg‘onistonaro muloqot boshlashni nazarda tutadi.