“Toshkent – Moskva” yo‘nalishida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ayni damda Rossiya Federatsiyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan va Yangi yil bayramini O‘zbekistonda kutib olishni niyat qilgan hamyurtlarimiz va chet el fuqarolariga bayram tuhfasi sifatida joriy yilning 19 dekabridan e’tiboran “Toshkent – Moskva – Toshkent” yo‘nalishida muntazam avtobus qatovini yo‘lga qo‘ymoqda.

Mazkur yo‘nalishdagi qatnovlar “Uzautotrans Service” korxonasi tomonidan zamonaviy “Yutong” avtobuslarida amalga oshiriladi. Qatnovlar “Toshkent” avtovokzali va Moskvaning «Novoyasenevskaya» avtostansiyasidan amalga oshiriladi.

Joriy yilning 19 dekabr kuni soat 12:00 da ilk avtobus Rossiya Federatsiya poytaxti Moskva shahri tomon “Toshkent” avtovokzalidan yo‘lga chiqadi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha chipta narxi 900 000 so‘m etib belgilangan.

Ushbu yo‘nalish bo‘ylab muntazam avtobus qatnovlari haftasiga ikki marotaba dushanba va payshanba kunlariga belgilangan. Avtobuslar "Toshkent" avtovokzalidan soat 12:00 da yo‘lga chiqadi. «Novoyasenevskaya» avtostansiyasidan esa Moskva vaqti bilan soat 14:00 da harakatlanadi.

Ushbu qatnov bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni “Toshkent” avtovokzalining (71) 207-87-00 hamda (97) 758 14 24, (99) 808 47 42, (99) 808 47 17 telefon raqamlari orqali olish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda Rossiya Federatsiyasining Nijniy Novgorod va Qozon shaharlariga ham muntazam avtobus qatnovlari amalga oshirib kelinmoqda.